“O‘zyo‘lko‘prik” xodimi 10 ming dollar pora talab qilgani uchun ushlandi
“O‘zyo‘lko‘prik” xodimi 10 ming dollar pora talab qilgani uchun ushlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yo‘l qurilishi sohasida xizmat mavqeini suiisteʼmol qilish bilan bog‘liq holat aniqlandi.
O‘zyo‘lko‘prik davlat muassasasi filiali xodimi o‘z xizmat aloqalari orqali yuqori lavozimli shaxslar bilan bog‘lanib, “MChJ” shaklidagi kompaniyaga Beruniy–Turtko‘l avtomagistrali (A380) qurilishi loyihasi doirasida 5 kilometrlik ish hajmini ajratib berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini MCHJ rahbaridan olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.