“O‘zto‘qimachiliksanoat” aksiyadorlik jamiyati va “Rahim Embroidery” korxonasi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida “O‘zto‘qimasanoat” uyushmasi va Pokistonning yetakchi ip-kalava ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Rahim Embroidery vakillari o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar to‘qimachilik sanoatidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Shu bilan birga, xorij tomonga mamlakatdagi to‘qimachilik korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlari, eksport salohiyati va mavjud imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot taqdim etdi.
Pokistonlik ishbilarmonlar O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirib, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yuqori texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.
Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, ikki davlat to‘qimachilik sohasida strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Uchrashuvda erishilgan kelishuvlar kelgusida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida to‘qimachilik sohasida iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.