Valyuta kurslari 23/10/2025
$1 – 12101.29
UZS – 0,75%
€1 – 14031.45
UZS – 0,53%
₽1 – 148.01
UZS – -0,05%
Qidirish
“O‘zsanoatqurilishbank” London fond birjasiga AT1 xalqaro obligatsiyalariga 300 million dollar joylashtirdi

“O‘zsanoatqurilishbank” London fond birjasiga AT1 xalqaro obligatsiyalariga 300 million dollar joylashtirdi

“O‘zsanoatqurilishbank” London fond birjasiga AT1 xalqaro obligatsiyalariga 300 million dollar joylashtirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil oktyabr oyida Oʻzsanoatqurilishbank (SQB) London fond birjasida qiymati 300 million AQSh dollariga teng boʻlgan birinchi darajali qoʻshimcha kapital (AT1) xalqaro obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Mazkur amaliy qadam bankning moliyaviy barqarorligini yanada mustahkamlash, xalqaro bozorda yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish va Oʻzbekistonning investitsion jozibadorligini oshirish yoʻlida muhim bosqich boʻldi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli iqtisodiy va moliyaviy islohotlar natijasida sarmoyadorlar uchun qulay sharoit yaratildi, Oʻzbekistonning xalqaro investitsion maydondagi mavqei yanada mustahkamlandi. Aynan shu tizimli oʻzgarishlar bank sohasi uchun xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirdi.

AT1 turidagi obligatsiyalar tijorat banklari faoliyatidagi zamonaviy moliyaviy instrumentlardan biri boʻlib, Bazel III xalqaro standartlariga muvofiq bankning birinchi darajali regulyativ kapitalini oshirishga xizmat qiladi. Ushbu moliyaviy mexanizm kapitalni davlat byudjeti ishtirokisiz oshirish imkonini berdi. Mazkur tajriba boshqa tijorat banklari uchun ham kapital yetarliligini taʼminlash yoʻlida namunaviy ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish jarayonida 22 ta davlatdan 130 dan ortiq investorlar tomonidan takliflar kelib tushdi. Ularning umumiy hajmi 1,4 milliard dollardan oshib, takliflar belgilangan miqdordan 4,8 baravar koʻp boʻldi. Natijada obligatsiyalar boʻyicha foiz stavkasi 9,75–10 foizdan 9,45 foizga pasaytirildi. Investorlarning 45 foizi Buyuk Britaniya, 28 foizi AQSh, 8 foizi BAA, 6 foizi Shveysariya va boshqa mamlakatlardan boʻldi. Mazkur jarayonda “Citibank”, “J.P. Morgan”, “Societe Generale”, “Standard Chartered”, “Raiffeisenbank” va “Mashreqbank” kabi jahonning yetakchi banklari vositachi sifatida ishtirok etdi.

Emissiya hisobiga bank kapitali yetarlilik koʻrsatkichi 15,9 foizdan 19 foizga, birinchi darajali kapital yetarliligi esa 11,3 foizdan 14,7 foizga yetdi. Bu natija bankka 2026–2027 yillar davomida qoʻshimcha 2,1 milliard AQSh dollari miqdorida kreditlar ajratish va taxminan 80 million dollarlik sof foiz daromadi shakllantirish imkonini berdi. Shu bilan birga, kredit qoʻyilmalarning oʻsishi mamlakatdagi ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirishga zamin yaratdi.

AT1 xalqaro obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirish nafaqat Oʻzsanoatqurilishbankning moliyaviy salohiyatini oshirdi, balki mamlakatimiz bank tizimining xalqaro maydondagi nufuzini ham mustahkamladi. Bu jarayon Oʻzbekistonning ochiq, barqaror va investitsiya uchun jozibali iqtisodiy muhit yaratishga qaratilgan islohotlarining amaliy ifodasi boʻldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling