Oziq-ovqat mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi belgilandi
Oziq-ovqat mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori (720-son, 13.11.2025 y.) bilan “Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, sanitariya-epidemiologik xulosa 3 yil muddatga beriladi.
Ushbu xulosa chetdan olib kelinayotgan mahsulotga mahsulotning yaroqlilik davriga, yaroqlilik muddatiga ega bo‘lmagan mahsulotga esa – muddati ko‘rsatilmasdan beriladi.
Sanitariya-epidemiologik xulosa quyidagi holatlarda olinishi lozim:
yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganda;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot tarkibi o‘zgarganda;
mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonining konstruksiyalari, jamlanmalari o‘zgarganda;
tajriba uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarga;
respublika hududiga olib kiriladigan oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlariga;
mahsulot ishlab chiqarish uchun berilgan sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilish muddati tugaganda.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markaziga kelib yoki elektron tarzda YAIDXP (my.gov.uz) orqali foydalanishi mumkin.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xulosani QR-kod orqali tasdiqlaydi hamda 1 ish kunida ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.