Valyuta kurslari 27/08/2025
$1 – 12354.65
UZS – 0,4%
€1 – 14384.52
UZS – -0,03%
₽1 – 153.93
UZS – 0,9%
Qidirish
O‘zbekiston 27/08/2025 Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida hamkorlikni mustahkamlash: O‘zbekiston delegatsiyasi Ozarbayjonda

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida hamkorlikni mustahkamlash: O‘zbekiston delegatsiyasi Ozarbayjonda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Zamonaviy oziq-ovqat xavfsizligi boshqaruvi bo‘yicha tajriba almashish maqsadida 25-28-avgust kunlari tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Ozarbayjonga tashrif buyurdi. Tashrif BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi.

25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov boshchiligidagi delegatsiya Ozarbayjon Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi agentligi (AFSA)da qabul qilindi. Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, o‘simliklarni himoya qilish va veterinariya sohalarida tajriba almashdilar.

AFSA raisi o‘rinbosari Zakiya Mustafayevaning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro tashriflar, imzolangan kelishuvlar va qo‘shma tashabbuslar orqali izchil rivojlanib bormoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Ozarbayjonda oziq-ovqat xavfsizligi qonunchiligini takomillashtirish, xavf-xatarlarga asoslangan tekshiruv mexanizmlari, inqirozli vaziyatlarni boshqarish tizimlari va tezkor ogohlantirish mexanizmlarining joriy etilishi haqida batafsil ma’lumot berildi. Taqdimotlarda, shuningdek, quyidagi masalalar yoritildi:

nazorat va inspeksiya tartiblari, jumladan, HACCP (Xavflarni tahlil va nazorat qilishning muhim nuqtalari) tizimining qo‘llanilishi;

oziq-ovqat mahsulotlarini import va eksport qilish talablari;

yangi mahsulot turlari, oziq-ovqat qo‘shimchalari, pestitsidlar, veterinariya dori vositalari va ozuqa qo‘shimchalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi;

milliy raqamli tizim – AQTIS (Avtomatlashtirilgan oziq-ovqat xavfsizligi axborot tizimi) faoliyati;

jamoatchilik bilan muloqot, ommaviy axborot vositalaridan foydalanish va axborot materiallarini tayyorlash.

Tashrif dasturi davomida Ozarbayjon Oziq-ovqat xavfsizligi instituti (AFSI)dagi uchrashuvlar, shuningdek, chegara nazorat punktlari va laboratoriyalarga tashriflar bo’lib o’tdi. Bu jarayon o‘zbekistonlik mutaxassislarga oziq-ovqat importi va eksporti nazoratida “yagona darcha” modelining amaliyotini o‘rganish imkonini bermoqda.

Mazkur o‘quv tashrif O‘zbekistonga institutlarni isloh qilish, laboratoriyalarni mustahkamlash hamda manfaatdor tomonlarni oziq-ovqat xavfsizligi sohasiga kengroq jalb etish bo‘yicha qimmatli tajribalarni o’rganish imkonini berdi.

Delegatsiya tarkibida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya qo‘mitasi, O‘simliklarni karantini va himoya qilish agentligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Hisob palatasi hamda Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi rahbar xodimlari ishtirok etmoqda.

Ushbu tashabbus FAO tomonidan O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boshqaruvini kuchaytirish va savdoni yengillashtirish yo‘nalishidagi uzluksiz qo‘llab-quvvatlashning mantiqiy davomi hisoblanadi. Ozarbayjon tajribasini o‘rganish orqali O‘zbekiston iste’molchilarni himoya qilish, xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga ega bo’lish imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish yo‘lida muhim qadamlar tashlanmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling