O‘zgidromet «kislotali bulutlar» haqidagi mish-mishlarni rad etdi
O‘zgidromet «kislotali bulutlar» haqidagi mish-mishlarni rad etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan, go‘yoki Eron hududi ustida «kislotali bulutlar» shakllangani va ular yog‘ingarchilik bilan Markaziy Osiyo mamlakatlariga yetib kelishi mumkinligi haqidagi maʼlumotlar ilmiy asosga ega emas. Bu haqda O‘zgidromet maʼlum qildi.
Idora maʼlumotiga ko‘ra, kislotali yog‘ingarchilik atmosferada oltingugurt oksidlari (SO₂) va azot oksidlari (NO₂) to‘planishi natijasida hosil bo‘ladi. Ushbu moddalar bulutlardagi suv bug‘i bilan kimyoviy reaksiyaga kirishib, natijada kislotali yog‘ingarchilik paydo bo‘lishi mumkin.
Bunday jarayonlar asosan sanoat hududlarida yoki chiqindilar manbalariga yaqin joylashgan hududlarda kuzatiladi. Havo massalari uzoq masofalarga ko‘chirilganda esa atmosfera turbulentligi, vertikal aralashish, shuningdek quruq va nam cho‘kish jarayonlari tufayli ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi sezilarli darajada kamayadi.
O‘zgidrometda taʼkidlanishicha, manbadan minglab kilometr uzoqlikda kislotali yog‘ingarchilikning xavfli konsentratsiyasi shakllanishi deyarli imkonsiz. Bundan tashqari, yog‘ingarchilik hosil bo‘lishi bulutlarning mahalliy shakllanish jarayonlari bilan bog‘liq: yog‘ayotgan yomg‘ir muayyan hudud ustidagi atmosferada mavjud bo‘lgan suv bug‘i va aerozollardan shakllanadi.
Meteorologik kuzatuvlar va atmosfera havosi sifati monitoringi maʼlumotlariga ko‘ra, «kislotali bulutlar»ning O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar hududiga ko‘chib o‘tishi xavfi kuzatilmayapti.
Shu munosabat bilan O‘zgidromet ommaviy axborot vositalarini ishonchsiz va tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikka, faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqirdi. Idora shuningdek OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on maʼlumotlar tarqatish uchun qonunchilikda javobgarlik choralari nazarda tutilganini eslatdi.