O‘zgidromet 14–17 aprelda sel va suv toshqinlari haqida ogohlantirdi
O‘zgidromet 14–17 aprelda sel va suv toshqinlari haqida ogohlantirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zgidromet 14–17 aprel kunlari kutilayotgan yog‘ingarchiliklar munosabati bilan favqulodda gidrometeorologik ogohlantirish eʼlon qildi.
Xizmat maʼlumotiga ko‘ra, respublikaning tog‘ va tog‘oldi hududlarida sel oqimlari kuzatilishi ehtimoli mavjud.
Bu holat Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining bir qator hududlarini, jumladan Yakkabog‘, Dehqonobod, Sariosiyo, Urgut, Xatirchi, Zomin, Bo‘stonliq, Pop, So‘x, Andijon tumanlari hamda Angren, Olmaliq va Xonobod shaharlarini qamrab olishi mumkin.
Idora taʼkidlashicha, kuchli yog‘ingarchiliklar sel oqimlarining shakllanishiga, shuningdek, yomg‘ir suvlarining to‘planishi va ayrim hududlarning suv bosishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Tog‘ va tog‘oldi hududlarda yashovchilar, dam oluvchilar hamda ushbu yo‘nalishlarga harakatlanuvchi haydovchilarga ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etilgan.
O‘zgidrometning qayd etishicha, ushbu ogohlantirish oldindan olingan chora bo‘lib, belgilangan davrda kutilgan ob-havo sharoitlari bilan bog‘liq.