"O‘zeltexsanoat" uyushmasida Eronning “Iran Transfo” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasida Eronning energetika sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalaridan biri — “Iran Transfo” vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Delegatsiyaga kompaniyaning O‘zbekistondagi vakili Muhammad Reza Jafari boshchilik qildi.
Uchrashuvda uyushma raisi o‘rinbosari Faridun Abdualimov xorijiy mehmonlar bilan muzokaralar olib bordi. Tomonlar o‘rtasidagi muloqot davomida yurtimizda yangi turdagi kuchlanish qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha Eron kompaniyasi tomonidan ilgari surilgan loyihaviy takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, bu mahsulotlarni mahalliylashtirish, texnologik yechimlarni joriy etish hamda qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish imkoniyatlari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
Uchrashuv davomida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi vakillari mehmonlarga O‘zbekistonda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish uchun yaratilgan qulay investitsion muhit, infratuzilmaviy imkoniyatlar va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Tashrif yakunida “Iran Transfo” vakillari mazkur muzokaralarda ilgari surilgan takliflarni chuqur tahlil qilishlari, ichki muhokamadan so‘ng loyiha bo‘yicha yakuniy qarorlarini taqdim etishlarini bildirdilar.
Mazkur uchrashuv Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda muhim bosqich sifatida baholanmoqda.