“O‘zeltexsanoat” uyushmasi Xiaomi kompaniyasi bilan O‘zbekistonda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov boshchiligidagi delegatsiya hozirda Xitoyda xizmat safarida bo‘lib turibdi. Tashrif davomida Uyushma rahbariyati Xitoyning yetakchi texnologik gigantlaridan biri — Xiaomi kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, xususan, O‘zbekistonda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya tarkibidagi vakillar, shuningdek, Xitoyda ishlab chiqarish jarayonlari, ilg‘or texnologiyalar va sanoat ekotizimi bilan tanishdilar.
Xiaomi bilan boshlangan ushbu muzokaralar yaqin kelajakda O‘zbekistonning texnologik sektorida yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda.