“O‘zeltexsanoat” uyushmasi va “Yamankoc” kompaniyasi hamkorligidagi eksport bo‘yicha eksklyuziv o‘quv dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasi mas’ul xodimlari hamda uyushmaga a’zo elektrotexnika korxonalari mutaxassislari Turkiyaning “Yamankoc Danışmanlık” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan eksport bo‘yicha maxsus o‘quv dasturini muvaffaqiyatli yakunladilar va maxsus sertifikatlarni qo‘lga kiritdilar.
Mazkur dastur 14-iyul – 1-avgust kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan nazariy mashg‘ulotlar bilan boshlandi. Bu bosqichda ishtirokchilar eksport strategiyalari, HS-kodlar bilan ishlash, bozor tahlili, mijozlar bazasini shakllantirish, raqobatchilarni aniqlash kabi yo‘nalishlarda chuqur bilimlarga ega bo‘ldilar.
Keyingi bosqich 11–15-avgust kunlari Anqara shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar Turkiyaning yetakchi eksport kompaniyalari tajribasi bilan yaqindan tanishib, ilg‘or amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar.
O‘quv dasturining asosiy maqsadi O‘zbekiston korxonalarining eksport salohiyatini oshirish, xalqaro savdoda raqobatbardosh bo‘lishga tayyor yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat edi.
Bu loyiha ishtirokchilar uchun nazariy bilimlarni mustahkamlash bilan birga amaliy tajribaga ega bo‘lish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish va eksport hajmini oshirish uchun strategik yondashuvlarni ishlab chiqish imkoniyatini yaratdi.
Dastur yakunida berilgan maxsus sertifikatlar ishtirokchilarning xalqaro savdo va eksport sohasidagi malakasini tasdiqlaydi va kelajakda ularning faoliyatida yangi imkoniyatlar ochishiga xizmat qiladi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi bu kabi tashabbuslarni davom ettirish orqali milliy elektrotexnika sanoatini jahon bozoriga faol integratsiya qilish va eksport hajmini sezilarli darajada oshirishni o‘zining ustuvor maqsadlaridan biri sifatida belgilab olgan.