“O‘zeltexsanoat” uyushmasi mahsulotlari Afg‘oniston bozorida katta qiziqish uyg‘otdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida o‘tkazilayotgan savdo yarmarkasi doirasida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi boshchiligidagi mamlakatimiz elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar keng namoyish etilmoqda.
Yarmarkada “Made in Uzbekistan” brendi ostida taqdim etilayotgan yuqori sifatli elektrotexnika mahsulotlari, maishiy texnika vositalari hamda innovatsion texnologik yechimlar Afg‘oniston bozorida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Tadbir davomida ikki davlat tadbirkor va investorlarining o‘zaro muloqoti faollashgan bo‘lib, biznes uchrashuvlar, yangi eksport shartnomalarini imzolash, shuningdek, kelgusidagi hamkorlik loyihalari yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur yarmarka Afg‘oniston bozorining real ehtiyojlarini o‘rganish, joylardagi potensial xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda mahalliy hamkorlar bilan barqaror iqtisodiy munosabatlar o‘rnatishga zamin yaratmoqda.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi yarmarkada mamlakatimizning yetakchi elektrotexnika sanoati korxonalarining faol ishtirokini ta’minlamoqda. Bu orqali O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlarining tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va “Made in Uzbekistan” brendi nufuzini yanada mustahkamlash maqsad qilinmoqda.
Tadbir doirasida mahalliy va xalqaro hamkorlar, investorlar, tadbirkorlar uchun muloqot maydoni, mahsulotlar bilan bevosita tanishish va kelishuvlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
Yarmarka 20-iyun kuniga qadar davom etadi.