"O'zbektelekom" foyda kapitalizatsiyasi orqali ustav kapitalini oshiradi
"O'zbektelekom" foyda kapitalizatsiyasi orqali ustav kapitalini oshiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 28-yanvar kuni boʻlib oʻtgan “Oʻzbektelekom” AK Kuzatuv kengashi yigʻilishi yakunlariga koʻra, foydani kapitalizatsiya qilish hisobidan ustav kapitalini oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi qaroriga muvofiq, kompaniya ustav fondi 652,3 mlrd soʻmga oshirilib, 978,5 mlrd soʻmga yetkaziladi.
Qoʻshimcha emissiya hajmi nominal qiymati 1 154 soʻm boʻlgan 565,3 mln dona aksiyani tashkil etadi. Shundan 545,6 mln donasi oddiy, 19,7 mln donasi imtiyozli aksiyalardir.
Joylashtirish davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana holatiga koʻra 15-kun shakllantiriladigan aksiyadorlar reestriga asosan, amaldagi aksiyadorlar oʻrtasida ularning ulushiga mutanosib ravishda yopiq obuna yoʻli bilan amalga oshiriladi — ya’ni har bir mavjud 1 dona aksiya uchun qoʻshimcha 2 dona aksiya hisobidan.
Kapitalni oshirish manbai — kompaniyaning 2019–2024-yillar yakunlari boʻyicha olingan va uning tasarrufida qoldirilgan sof foydasi hamda 2019-yilda amalga oshirilgan kapitalizatsiyadan qolgan mablagʻlar hisoblanadi.