"O'zbekneftgaz" Schlumberger bilan sun'iy intellektni joriy etishni muhokama qildi
"O'zbekneftgaz" Schlumberger bilan sun'iy intellektni joriy etishni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari Rustam Sherov va AQSHning “Schlumberger” (SLB) kompaniyasi raqamli xizmatlar va operatsiyalar bo‘yicha ijro etuvchi vitse-prezidenti Kari Enn X. Kyolaas-Xolland ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda asosiy e’tibor Jamiyat faoliyatiga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalariga qaratildi.
Tomonlar geologik ma’lumotlar bazasini sun’iy intellekt asosida modernizatsiya qilish, shuningdek muhandislik va analitik jarayonlarda samaradorlikni oshirishga xizmat qiladigan GenAI-chatbotni ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashdilar.
Shuningdek, seysmik ma’lumotlarni qayta ishlash va interpretatsiya qilish bo‘yicha ixtisoslashgan Markaz tashkil etish loyihasi ham muhokama qilindi. SLB vakillari dunyoning turli mamlakatlarida bunday markazlarni joriy qilish va boshqarish bo‘yicha o‘zlarining katta xalqaro tajribasini taqdim etib, mazkur tajriba “O‘zbekneftgaz” AJga eng ilg‘or amaliyotlarni tadbiq etish imkonini berishini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga sodiqligini bildirib, Jamiyat faoliyatiga zamonaviy raqamli va intellektual texnologiyalarni jadal joriy qilishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.