“O‘zbekneftgaz” AJ xalqaro kapital bozorida yangi rekord o‘rnatdi — 850 million dollarlik obligatsiyalarni joylashtirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 30 aprel kuni “O‘zbekneftgaz” AJ — O‘zbekiston neft-gaz sanoatidagi yetakchi davlat aksiyadorlik jamiyati xalqaro kapital qarz bozoriga muvaffaqiyatli qaytib, 5 yillik 144A/RegS formatidagi katta nominalli obligatsiyalar chiqardi.
Ushbu ahamiyatli bitim kompaniyaning strategik rivojlanish yo‘lidagi navbatdagi muhim bosqich bo‘lib, xalqaro investorlar tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJning barqaror kredit reytingi va mamlakat moliyaviy bozoriga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.
Obligatsiyalar chiqarilishi Buyuk Britaniya, AQSH, Yevropa, Shveysariya, Osiyo davlatlarining "Fund Managers", "Banks & Private Banks", "Pension & Insurance" kabi yuqori reytingli, yirik xalqaro kompaniyalar investorlari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinib, 1,9 milliard AQSH dollariga teng buyurtmalar jalb etildi. Bu esa kompaniyaga obligatsiyalar narxini 37,5–50 bazis punktigacha kamaytirish va emissiya hajmini avvalgi rejadan oshib, 850 million dollargacha oshirish imkonini berdi.
Mazkur bitim O‘zbekiston tarixida yagona transh formatda amalga oshirilgan eng yirik obligatsiya emissiyasi bo‘ldi. Avvalgi rekord ham “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 2021 yilda o‘rnatilgan edi.
Kompaniya obligatsiyalari London fond birjasining Xalqaro qimmatli qog‘ozlar bozorida (ISM) ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu muvaffaqiyat xalqaro investorlarning “O‘zbekneftgaz” AJning bozordagi pozitsiyasi va energetika sohasidagi yetakchiligiga bo‘lgan yuksak ishonchini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bitim J.P. Morgan, Abu Dhabi Commercial Bank, Deutsche Bank, MUFG va Standard Chartered Bank kabi yetakchi moliyaviy institutlar (Bookrunner sifatida) hamda “O‘zsanoatqurilishbank”ning (Co-manager sifatida) hamkorligida amalga oshirildi.
Bu tarixiy voqea “O‘zbekneftgaz” AJning xalqaro moliya bozorlaridagi nufuzini yanada mustahkamlab, kompaniya taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi.