“O‘zbekneftgaz” AJ McKinsey kompaniyasi bilan energetikani rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati AQSHning “McKinsey & Company” xalqaro konsalting kompaniyasining katta hamkori Yermolay Soljenitsin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida energetika sohasining dolzarb masalalari va rivojlanish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda jahon va mintaqaviy energetika bozoridagi hozirgi hamda kelgusidagi tendensiyalar bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, energiya tizimlarining samaradorligi va barqarorligini oshirish, past uglerodli iqtisodiyotga o‘tishda innovatsion texnologiyalar hamda zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar “McKinsey & Company” xalqaro ekspertlari bilan hamkorlik korporativ boshqaruvni mustahkamlash, institutsional barqarorlikni oshirish hamda “O‘zbekneftgaz” AJning strategik rivojlanish salohiyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Qayd etish joizki, “McKinsey & Company” — dunyodagi yetakchi konsalting korporatsiyalaridan biri bo‘lib, hukumatlar va yirik kompaniyalarga boshqaruv bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi.
66 mamlakatda 150 dan ziyod o‘z ofislariga ega mazkur kompaniya Markaziy Osiyo mintaqasida 20 yildan buyon tog‘-kon hamda neft-gaz sohalarida qator yirik loyihalarni amalga oshirgan.