"O'zbekneftegaz" va SOCAR neft va gaz sohasida sun'iy intellekt bo'yicha memorandum imzoladilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi yaqin hamkorlik, ayniqsa ikki mamlakat rahbarlarining do‘stona munosabatlari natijasida bugungi kunda ko‘plab sohalarda, jumladan, neft va gaz yo’nalishida ham samarali hamkorlik rivojlanib bormoqda.
O‘zbekneftgazda Ozarbayjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi — "SOCAR" vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Unda “O‘zbekneftgaz” AJ va "SOCAR" kompaniyasi o‘rtasida sun’iy intellekt texnologiyalarini neft-gaz sohasiga joriy etish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan.
Kelishuv doirasida tomonlar sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Loyihalar yoqilg‘i ishlab chiqarishni oshirish, aralashma parametrlarni optimallashtirish orqali samaradorlikni ko‘tarishga qaratilgan bo‘lib, shuningdek operativ jamoalarni qo‘llab-quvvatlovchi keng ko‘lamli til modeli (LLM), geologik va burg‘ilash jarayonlaridagi ma’lumotlar tahlilini avtomatlashtiruvchi "Seismic AI" hamda "ENOM" yechimlarini o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, "SOCAR" kompaniyasi barcha biznes jarayonlarini ma’lumotlar arxitekturasi asosida birlashtiruvchi yagona ma’lumotlar platformasini yaratishda maslahat yordamini ko‘rsatadi. Shuningdek "ODLAR" va "Daily Drilling" loyihalarini rivojlantirishda ishtirok etadi. Ushbu yechimlar seysmik va burg‘ilash ma’lumotlarini to‘liq raqamlashtirish hamda ularni vizual ko‘rinishda tahlil qilish imkonini beradi.
Ushbu hujjat neft-gaz sohasida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashda yangi sahifani ochadi. Kelishuv doirasida raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Mazkur hamkorlik nafaqat energetika sohasiga innovatsiyalarni tatbiq etishga, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va texnologik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.