Valyuta kurslari 04/12/2025
$1 – 11912.38
UZS – 0,26%
€1 – 13873.16
UZS – 0,57%
₽1 – 153.39
UZS – 0,07%
Qidirish
"O'zbekneftegaz" va Cargill 3-5 milliard dollarlik moliyalashtirish shartnomasini imzoladilar

"O'zbekneftegaz" va Cargill 3-5 milliard dollarlik moliyalashtirish shartnomasini imzoladilar

"O'zbekneftegaz" va Cargill 3-5 milliard dollarlik moliyalashtirish shartnomasini imzoladilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJning xalqaro savdo-investitsiya bo‘yicha shoʻba kompaniyasi - “UNG Overseas” va AQSHning “Cargill” korporatsiyasi o‘rtasida O‘zbekiston energetik xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Mazkur kelishuvga muvofiq, tomonlar 3 milliard AQSh dollarigacha uzoq muddatli moliyalashtirishni jalb etish bo‘yicha kelishib oldi. Moliyalashtirish hajmi bosqichma-bosqich 5 milliard AQSh dollarigacha kengaytirilishi nazarda tutilgan.

Hamkorlikning asosiy maqsadi — O‘zbekistonning energetik xavfsizligini mustahkamlash, resurs barqarorligini oshirish va mamlakatning izchil rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashdir.

Qayd etish joizki, mazkur kelishuv mamlakatimizning o‘sib borayotgan energiya iste’moli, iqlimiy o‘zgarishlar va sanoat modernizatsiyasi sharoitida energetika, suv xo‘jaligi va ekologiya kabi asosiy tizimlarning ishonchliligi, samaradorligi va barqarorligini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Loyihalar doirasida aholi va sanoat uchun energetika ta’minoti, tizimli xatarlarni kamaytirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish, energetik va suv resurslarini boshqarishda samaradorlikni oshirish, ekologik muvozanat, sanoat raqobatbardoshligi va energiya mustaqilligini ta’minlash yo‘nalishlari bo‘yicha moliyalash masalalari ko‘rib chiqiladi.

“UNG Overseas” xalqaro sheriklar bilan strategik ishlarni muvofiqlashtiradi, “Cargill” esa tizimlashtirilgan moliyalash bo‘yicha global ekspertiza asosida amaliy yechimlar taqdim etadi.

Imzolangan kelishuv O‘zbekistonning uzoq muddatli energetik barqarorligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib, mamlakatning ustuvor tarmoqlariga xalqaro investitsiyalarni kengroq jalb etish imkoniyatlarini ochadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling