"O'zbekneftegaz" "Neftegazmontaj" faoliyatini tanqid qildi
"O'zbekneftegaz" "Neftegazmontaj" faoliyatini tanqid qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "O'zbekneftegaz" boshqaruvi raisi Abdug'ani Sanginov "Neftegazmontaj" faoliyati bo'yicha yig'ilish o'tkazdi, unda kompaniya faoliyati qattiq tanqid qilindi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda korxonada ish jarayonlari hanuz eskicha tizimda, raqamlashtirilmagan holatda olib borilayotgani keskin tanqid qilindi. Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi, zamonaviy boshqaruv mexanizmlari joriy etilmagani korxonada nafaqat samaradorlikni pasaytirgan, balki moliyaviy tartib-intizomga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlandi.
Raqamlar esa holat qanchalik jiddiy ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda. Qurilish ishlari 21,4 foizga qisqargan, bir vaqtning o‘zida omborlarda moddiy texnik resurslar (MTR) zaxiralari asossiz ravishda 129 foizga oshib ketgan. Eng tashvishlisi — ishchilarga noyabr oyidan buyon ish haqi to‘lanmay kelinmoqda.
Ohirgi yillarda Jamiyat salohiyatidan to‘liq foydalanmaslik oqibatida ish hajmlari sezilarli darajada pasayib ketgan, yuqori malakali kadrlar qo‘nimsizligi oshib ketgan, buyurtma hajmlari bilan ishlashda tashabbuskorlik ko‘rsatilmagan.
Korxona aktivlari deyarli samarasiz holatga kelib qolgan. 562 ta texnikaning yarmidan ko‘pi ishlamaydi: 128 tasi yaroqsiz, 218 tasi nosoz. Ularning yillar davomida ta’mirlanmagani oqibatida texnik park deyarli izdan chiqqan. GPS nazorat tizimi yo‘qligi sabab transport vositalari ustidan nazorat zaiflashgan. Shu bilan birga, foydalanilmayotgan obyektlar uchun har yili ortiqcha mablag‘ sarflanishi keskin tanqid qilindi.
Yig‘ilishda Boshqaruv raisi tomonidan vaziyatni tubdan yaxshilash, Jamiyatni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi. Raqamli hujjat aylanishi va g‘aznachilik tizimlarini zudlik bilan joriy etish, “Davlat xaridlari” talablariga qat’iy rioya etish, buxgalteriya faoliyatini to‘liq qayta ko‘rib chiqish, xaridlar tizimini shaffoflashtirish vazifalari belgilab berildi.
Samarasiz aktivlar — yaroqsiz texnikalar va foydalanilmayotgan obyektlarni auksionga chiqarilishi, nosoz texnikalar esa qisqa muddatda ta’mirlanishi shartligi alohida aytib o‘tildi.
Shuningdek, kun tartibida alohida e’tibor qaratilgan masalalardan biri — jamiyatda qarindosh-urug‘chilik holatlarining urchib ketganidir. Ayrim rahbar va mas’ul xodimlar tomonidan yaqin qarindoshlarni ishga jalb qilish holatlari tizimli muammoga aylangan. Bu esa kadrlar siyosatida adolat tamoyillarini buzib, samaradorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Yig‘ilish keskin qarorlar bilan yakunlandi. Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan va moliyaviy kamchiliklarni oldini olmagan komplayens inspektori, direktorning iqtisod va qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari egallab turgan lavozimlariga noloyiq deb topildi. Korxona direktori esa lavozimidan olinib, unga 3 oylik sinov muddati berildi. Shuningdek, ishchilar oldidagi qarzdorlikni bir hafta ichida to‘lash bo‘yicha topshiriq berildi.
Boshqaruv raisi korxonani tubdan o‘zgartirish vazifasini qo‘ydi. “Neftgazmontaj”ni zamonaviy uskunalar bilan ta’minlab, yirik pudratchi kompaniyaga aylantirish, ish hajmlarini 10 barobarga oshirish va shunga yarasha ishchilar sonini muvofiqlashtirish, ularning oylik maoshlarini oshirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.