Valyuta kurslari 09/01/2026
$1 – 12109.02
UZS – 0,63%
€1 – 14139.70
UZS – 0,56%
₽1 – 150.31
UZS – 0,68%
Qidirish
"O'zbekneftegaz" neft bazalari faoliyatini tanqid qildi va kadrlar o'zgarishini e'lon qildi

"O'zbekneftegaz" neft bazalari faoliyatini tanqid qildi va kadrlar o'zgarishini e'lon qildi

"O'zbekneftegaz" neft bazalari faoliyatini tanqid qildi va kadrlar o'zgarishini e'lon qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi A. Sanginov neft bazalar rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolarni ochiq muhokama qilish hamda 2026 yilgi reja va vazifalarni belgilab olish maqsadida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda neft bazalar faoliyatini sog‘lomlashtirish, moliyaviy va boshqaruv intizomini kuchaytirish, aktivlardan samarali foydalanish, ishchi-xizmatchilar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda o‘rtacha ish haqini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Aholiga xizmat ko‘rsatishda halollik, poklik va ochiqlik tamoyillariga qat’iy amal qilish, sifatli neft mahsulotlarini barqaror va uzluksiz yetkazib berish neft bazalar faoliyatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi lozimligi alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilishda neft bazalarning hozirgi holati qoniqarsiz ekani, mahsulot realizatsiyasida samarali va shaffof tizim yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi. Xususan, 2025 yil davomida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi oldida qarzdorlikning sezilarli oshib ketgani, xodimlar faoliyati ustidan nazorat yetarli darajada ta’minlanmagani keskin tanqid qilindi.

Neft mahsulotlarini oldindan to‘lovlarsiz yetkazib berilishi evaziga joriy yil 1 yanvar holatiga kelib iste’molchilarning neft bazalar oldidagi qarzdorligi 322,5 mlrd so‘mga yetgan, shundan qishloq xo‘jaligi korxonalarining qarzi 243,2 mlrd so‘m yoki 75 foizini tashkil qiladi.

Aslida to‘lovsiz neft mahsulotlarini realizatsiya qilish mumkin emas, shunga qaramay qarzga berilgan, undirish masalasi bilan shug‘ullanilmagan.

Eng achinarlisi qishloq xo‘jaligi korxonalariga berilgan 243,2 mlrd so‘mlik qarzdorlikning 158 mlrd so‘mi (65 foizi) umidsiz qarzdorlikka aylangan.

Olib borilgan o‘rganish va tahlillar asosida yil davomida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Termiz, Jizzax, Maroqand, Kuchlik hamda To‘raqo‘rg‘on neft bazalari rahbarlari egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Shuningdek, aksariyat neft bazalarida mavjud sig‘imlardan samarali foydalanilmayotgani, ayrim ob’yektlar bo‘sh turgani oqibatida ortiqcha xarajatlar yuzaga kelayotgani va bu daromadga ta’sir qilayotganiga e’tiroz bildirildi. Yer uchastkalarini konservatsiya qilish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Neft baza rahbarlarining qo‘shimcha daromad manbalarini izlashga yetarlicha tashabbus ko‘rsatmagani, boqimandalik kayfiyati saqlanib qolgani ham salbiy holat sifatida baholandi.

Talon-tarojlik va noqonuniy holatlarni keskin kamaytirish maqsadida raqamlashtirish bo‘yicha xorijiy ilg‘or tajribalar o‘rganilib, milliy modelni joriy etish taklifi ilgari surildi. Ushbu yo‘nalishda raqamli nazoratni joriy etish yagona samarali yechim ekani qayd etildi. Barcha neft bazalarni avtomatlashtirish va Jamiyatning Markaziy dispetcherlik xizmati monitorlariga integratsiya qilish bo‘yicha 2026 yil uchun Dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, neft bazalardagi komplayens xodimlari faoliyati ham qoniqarsiz deb baholandi. Endi har bir xodimning KPIi neft bazada aniqlagan kamchilikka qarab belgilanadi.

Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, “Dolzarb 100 kunlik” chora-tadbirlar doirasida neft bazalarda ham “favqulodda holat” e’lon qilindi. Ularni sog‘lomlashtirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan kompleks dastur ishlab chiqilishi belgilandi. Mazkur dasturda talon-tarojlikka chek qo‘yish, soliq yukini kamaytirish, mahsulot realizatsiya hajmlarini oshirish, debitor qarzdorlikni so‘ndirish asosiy vazifalar etib belgilanadi.

Belgilangan chora-tadbirlarning asosi — ishchi-xizmatchilar uchun munosib sharoit yaratish, oylik ish haqlarini oshirish orqali halol mehnatga rag‘bat uyg‘otish hamda “halollik vaksinasi”ni amaliyotga tatbiq etishdan iborat bo‘ladi. Sifatli mahsulot yetkazib berish har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati va kundalik shioriga aylanishi lozimligi ta’kidlandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling