"O'zbekneftegaz" jahon bozoriga chiqish uchun BAAda sho'ba korxonasini tashkil etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarida “UNG Overseas” xalqaro brendi ostida faoliyat yurituvchi “Orient Energy Limited” yangi sho‘ba kompaniyasi tashkil etildi.
Ushbu tashabbus jamiyat faoliyatini xalqaro maydonga olib chiqish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va tashqi iqtisodiy jarayonlarni samarali boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan strategik yo‘nalishning muhim bosqichi hisoblanadi.
Yangi kompaniya energetika, infratuzilma va sanoat sohalaridagi yirik loyihalar uchun xalqaro moliya institutlari va investorlarning mablag‘larini jalb qilish, uzoq muddatli energetik xavfsizlikni ta’minlash hamda uglevodorodlarni yetkazib berishning yangi zanjirlarini rivojlantiradi. Shuningdek, kompaniya xalqaro bozorlarda milliy mahsulotlarni ilgari surishda muhim rol o‘ynaydi.
Qayd etish joizki, barqaror energiya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ya’ni toza va qayta tiklanadigan energiya manbalariga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonida “O‘zbekneftgaz” zamonaviy va ekologik jihatdan samarali texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu maqsadlarni amalga oshirishda kompaniya ayni muddao bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda “Orient Energy Limited” kompaniyasi “O‘zbekneftgaz” AJ uchun xalqaro investitsiya va savdo markazi vazifasini bajaradi. U orqali jamiyat dunyodagi yetakchi energetika korporatsiyalari, moliya institutlari va strategik sheriklar bilan hamkorlikni kuchaytiradi.
“UNG Overseas” brendi ostidagi yangi kompaniyaning tashkil etilishi — jamiyatning zamonaviy, samarador va ekologik jihatdan barqaror energetika ekotizimini shakllantirishga bo‘lgan intilishiga yorqin misoldir.