"O'zbekneftegaz" AJ Dong Fang Electric bilan gaz qazib olish jarayonlariga sun'iy intellektni joriy etish bo'yicha kelishuvga erishdi
"O'zbekneftegaz" AJ Dong Fang Electric bilan gaz qazib olish jarayonlariga sun'iy intellektni joriy etish bo'yicha kelishuvga erishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginovning Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari gaz qazib chiqarishni oshirishga qaratilgan aniq maqsadlarga xizmat qiluvchi samarali va mazmunli uchrashuvlarga boy bo‘ldi.
Safarning oxirgi kuni sohada muhim ahamiyatga ega bo‘lgan quvur ishlab chiqarish, chuqur burg‘ilash hamda raqamlashtirish va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalar bilan muzokaralarga bag‘ishlandi.
Xitoyning yirik sanoat korxonalaridan biri — “Dong Fang Electric” kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida qazib chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt tizimini qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Shandong Molong” va “Hengyang Vallin” kompaniyalari rahbariyati ishtirokidagi uchrashuvlarda 7 ming metr chuqurlikgacha burg‘ilash ishlari uchun mo‘ljallangan, yuqori bosim va og‘ir geologik sharoitlarga mos zamonaviy quvur mahsulotlarini yetkazib berishga kelishildi.
Shuningdek, “XIBU” kompaniyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda quduqlarda burg‘ilash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha uzoq muddatli xizmat ko‘rsatishga kelishib olindi.
Safar davomida burg‘ilash sohasidagi ilg‘or kompaniyalar — “CPTDC” (China Petroleum Technology & Development Corporation) bilan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Mazkur korxonalar orqali "CNPC" quyi korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan quvurlar, quduq usti jihozlari, burg‘ilash stanoklari va boshqa yo‘nalishlarda xarid qilish bo‘yicha kelishib olindi.
Uchrashuvlarda burg‘ilash ishlarining samaradorligini oshirish, quduq qurish muddatlarini qisqartirish, zamonaviy burg‘ilash uskunalari va servis xizmatlarini jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Boshqaruv raisi xitoylik hamkorlar bilan muloqotlarda joriy yilda “O‘zbekneftgaz” AJ tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirish uchun barcha chora-tadbirlarni jadallashtirishni maqsad qilgan bo‘lib, buning uchun esa sifatli, ishonchli va zamonaviy ilg‘or texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.