O‘zbekiston–Serbiya agrar hamkorligi yangi bosqichga olib chiqiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari Serbiya Respublikasining xalqaro iqtisodiy hamkorlik vaziri Nenad Popovich boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi agrar sohadagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari import-eksporti bo‘yicha mavjud imkoniyatlar tahlil qilinib, bu boradagi o‘zaro almashinuv hajmini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash, hamda agrar sohada raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish masalalari ham muhokama etildi.
Bundan tashqari, talaba va soha mutaxassislarini malaka oshirish hamda tajriba almashish dasturlari asosida yuborish masalasi kun tartibidan o‘rin oldi. Bu orqali ikki davlat o‘rtasida o‘quv almashinuvi tizimi yo‘lga qo‘yilib, yosh mutaxassislar xorijiy tajriba va zamonaviy yondashuvlarni o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Uchrashuv yakunida uzumchilik va vinochilik yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish hamda texnologik hamkorlikni kuchaytirish takliflari ilgari surildi.
Tomonlar agrar sohadagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda aniq reja va tashabbuslarni amalga oshirish borasida kelishib oldilar.