O‘zbekiston–Saudiya Arabistoni: parlamentlararo hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 27-oktabr kuni Senatda “O‘zbekiston-Saudiya” va “Saudiya- O‘zbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhlarining qo‘shma majlisi onlayn shaklida o‘tkazildi.
Majlisda O‘zbekiston hamda Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika, IT, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va qatʼiyati tufayli izchil rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlar va tashriflar strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqqani taʼkidlandi.
Suhbat chog‘ida oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlash yuzasidan parlament nazoratini kuchaytirish, hamkorlik guruhlari faoliyatini faollashtirish, qonunchilik sohasida tajriba almashish va parlamentlararo hamkorlikni muntazam davom ettirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.