O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi yanvar-fevral oylarida $10,8 mlrd ni tashkil etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi (TSA) $10,8 mlrd ni tashkil etdi va 2024 yilning shu davriga nisbatan $973,3 mln ga yoki 9,9 % ga oshdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Jami TSA hajmidan eksport $4,64 mlrd ni tashkil qildi (2024 yilning yanvar-fevral oylariga nisbatan 27,7 % ga o‘sdi), import esa $6,2 mlrd ga yetdi (0,6 % ga kamaydi). Natijada, tashqi savdo balansi -$1,56 mlrd ni tashkil etdi.
O‘zbekiston 162 ta davlat bilan savdo aloqalarini amalga oshirmoqda. Eng katta tashqi savdo aylanmasi Xitoy (19,2 %), Rossiya (14,9 %), Qozog‘iston (6,1 %), Turkiya (3,9 %) va Afg‘oniston (2,5 %) bilan qayd etilgan.
Tashqi savdo eksporti tarkibida tovarlar ulushi 74,7 % ni tashkil etadi, jumladan: sanoat mahsulotlari – 12,4 %, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar – 6,3 %, kimyoviy moddalar va shu turdagi mahsulotlar – 5,9 %, turli tayyor mahsulotlar – 3,9 %.
2025 yil yanvar-fevral oylarida tashqi savdo aylanmasida asosiy eksport sheriklari quyidagi davlatlar bo‘ldi: Rossiya (11,8 %), Xitoy (6,5 %), Afg‘oniston (4,5 %), Qozog‘iston (4,0 %), Turkiya (3,9 %), Fransiya (3,1 %), Qirg‘iziston (2,6 %), BAA (2,1 %), Tojikiston (1,5 %) va Pokiston (1,3 %). Ushbu mamlakatlarning ulushi umumiy eksport hajmining 41,3 % ni tashkil etdi.
Yanvar-fevral oylarida 192,9 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi, bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 23,1 % ga (58,0 ming tonna) kamaygan.
Mazkur davrda meva-sabzavot mahsulotlari eksporti $175,1 mln ni tashkil etdi (2024 yilning shu davriga nisbatan 16,7 % ga oshgan). Umumiy eksport hajmida meva-sabzavot mahsulotlari ulushi 3,8 % ni tashkil etdi.
Yanvar-fevral oylarida tekstil mahsulotlari eksporti $403,7 mln ni tashkil etdi, bu umumiy eksport hajmining 8,7 % ni tashkil etib, 2024 yilning shu davriga nisbatan 22,4 % ga kamaygan. Tekstil mahsulotlari tarkibida asosiy ulushni tayyor mahsulotlar (45,0 %) va pryaja (35,0 %) egalladi.
Xizmatlar eksporti 2025 yil yanvar-fevral oylari yakunlari bo‘yicha $1,17 mlrd ga yetdi (27,3 % ulush) va 2024 yilning shu davriga nisbatan 61,5 % ga oshdi.
Xizmatlar eksporti tarkibida eng katta ulushga ega bo‘lgan yo‘nalishlar: transport xizmatlari – 40,1 %, sayohat (turizm) – 39,5 %, telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari – 12,9 %, boshqa biznes xizmatlari – 3,7 %.
Shuningdek, boshqa xizmatlar tarkibida eng yirik ulush qurilish xizmatlari (1,1 %), sug‘urta va pensiya xizmatlari (0,8 %), moliyaviy xizmatlar (0,8 %) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Yanvar-fevral oylarida import hajmi $6,2 mlrd ni tashkil etdi (0,6 % ga kamaydi).
Import tarkibida asosiy ulushga ega bo‘lgan yo‘nalishlar: mashina va transport jihozlari – 36,8 %, sanoat mahsulotlari – 16,5 %, kimyoviy moddalar va shu turdagi mahsulotlar – 12,2 %.
Import hajmi 2024 yilning shu davriga nisbatan $240,8 mln ga kamayib, $5,54 mlrd ni tashkil etdi. Import xizmatlari esa $660,8 mln ni tashkil qildi.
Joriy yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston 144 ta davlatdan tovar va xizmatlar import qildi. Importning 2/3 qismini esa Xitoy (28,7 %), Rossiya (17,3 %), Qozog‘iston (7,6 %), Janubiy Koreya (4,1 %), Turkiya (3,8 %), Germaniya (3,8 %) va Hindiston (2,8 %) tashkil qildi.
Import xizmatlari hajmi 2025 yil yanvar-fevral oylarida $660,8 mln ni tashkil qilib, umumiy import hajmining 10,7 % ni egalladi va 2024 yilning shu davriga nisbatan 45,4 % ga oshdi.
Import xizmatlari tarkibida eng katta ulush quyidagi yo‘nalishlarga to‘g‘ri keldi: sayohat (turizm) – 60,3 %, transport xizmatlari – 19,5 %, telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari – 8,5 %, boshqa biznes xizmatlari – 5,9 %.