O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi vatandoshimizni Vataniga qaytarishda yordam berdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasining Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xorijda ishga joylashishga urinish jarayonida aldov qurboniga aylangan Samarqand viloyatilik yosh ayol bilan bog‘liq holat haqida maʼlumot berdi.
Diplomatik vakolatxona maʼlumotiga ko‘ra, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayol Turkiyada yuqori maoshli ish haqidagi vaʼdalarga ishongan. Istanbulda yashovchi, o‘zini tadbirkor sifatida tanishtirgan shaxs uni ishchi vizasisiz mamlakatga olib kirib, pasportini olib qo‘ygan va og‘ir sharoitlarda ishlashga majbur qilishga uringan.
«Konsulxonaga kelib tushgan murojaat asosida Turkiyadagi Migratsiya agentligi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tezkor choralar ko‘rildi. Natijada yurtdoshimiz salomat holda Vatanga qaytarildi. Yolg‘on vaʼda bergan shaxsning qilmishlari haqidagi maʼlumot Turkiyaning huquqni muhofaza qiluvchi organlariga topshirildi», — deyiladi Bosh konsulxona bayonotida.
Vakolatxona shuningdek fuqarolarga murojaat qilib, chet elda «oson pul topish» vaʼdalarga ishonmaslikka, hayot va xavfsizlikni xavf ostiga qo‘ymaslikka hamda davlat o‘z fuqarolariga konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini unutmaslikka chaqirdi.