O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi fuqarolarga mamlakatni vaqtincha tark etishni tavsiya qildi
O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi fuqarolarga mamlakatni vaqtincha tark etishni tavsiya qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mintaqadagi keskinlashib borayotgan vaziyat munosabati bilan fuqarolariga favqulodda ogohlantirish eʼlon qildi.
Vatandoshlarga hushyorlikni saqlash, Isroil hokimiyatlari tomonidan belgilangan xavfsizlik choralariga qatʼiy rioya qilish va qo‘shimcha ko‘rsatmalar olingunga qadar imkoni boricha maxsus jihozlangan qo‘riqlanadigan hududlarda bo‘lish qatʼiy tavsiya etilmoqda.
Idorada rasmiy yo‘riqnomalarga diqqat bilan amal qilish, zaruratsiz hollarda ko‘chaga chiqishni cheklash va xotirjamlikni saqlash muhimligi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, vaziyat barqarorlashgunga qadar Isroil hududini vaqtincha tark etish tavsiya qilinmoqda. Ayniqsa, Isroil–Misr chegarasida joylashgan “Begin” chegara o‘tish punktiga eʼtibor qaratildi. U sutka davomida ishlaydi va O‘zbekiston fuqarolari uchun Sinay yarimoroliga kirish vizasi talab etilmaydi.
Chegaradan o‘tish jarayonini tezlashtirish maqsadida chegara yig‘imlarini oldindan onlayn tarzda to‘lash tavsiya etiladi. Boshqa quruqlikdagi o‘tish punktlaridan foydalanish tavsiya etilmaydi, o‘tish punktlarining ish vaqti o‘zgarishi mumkinligi sababli safarni rejalashtirishdan oldin dolzarb maʼlumotlarni aniqlab olish zarur.
Elchixona fuqarolarni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarning rasmiy manbalaridagi yangilanishlarni muntazam kuzatib borishga, shuningdek, Isroil xizmatlarining ogohlantirish va tavsiyalarini inobatga olishga chaqirdi.
Favqulodda holatlarda vatandoshlar 03-672-2466, 03-672-2371, 03-758-5075, 03-758-5076, +972 54 485 1397 telefon raqamlari yoki il.uzembassy@mfa elektron pochta manzili orqali murojaat qilishlari mumkin.