Valyuta kurslari 25/07/2025
$1 – 12653.48
UZS – -0,85%
€1 – 14871.64
UZS – -0,71%
₽1 – 159.75
UZS – -1,79%
Qidirish
O‘zbekiston 24/07/2025 O'zbekistonning birinchi elchisi Shri-Lanka Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O'zbekistonning birinchi elchisi Shri-Lanka Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonning Shri-Lankadagi birinchi elchisi Alisher To'xtayev (qarorgohi Islomobod shahrida joylashgan) ushbu mamlakat Prezidenti Anura Kumara Dissanayakega ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Tantanali marosimdan so'ng bo'lib o'tgan suhbatda Shri-Lanka Prezidenti O'zbekistonning Kolombodagi birinchi elchisi tayinlanganini tarixiy voqea sifatida baholab, bu qadam ikki mamlakat o'rtasidagi keng qamrovli va barqaror hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi.

Prezident Anura Kumara Dissanayake, shuningdek, O'zbekistonni Shri-Lankaning Markaziy Osiyodagi ishonchli va istiqbolli hamkori deb bilishini ta'kidlab, o'zaro ishonch, pragmatizm va hurmatga asoslangan strategik munosabatlarni yo'lga qo'yishga tayyor ekanini qayd etdi.

Muloqot chog'ida, siyosiy muloqotni kengaytirish, shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash, savdo, investitsiyalar, turizm, ta'lim, logistika va agrotexnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy islohotlar, raqamlashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida o'zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Shri-Lanka rahbari ikki mamlakat o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri biznes aloqalarni yo'lga qo'yish, biznes-forumlar, ko'rgazmalar va ishbilarmonlar tashriflarini tashkil etish muhimligiga alohida urg'u berdi. Shu yo'nalishda qator tashabbuslarni, jumladan Qo'shma hukumatlararo komissiya tuzish taklifini ilgari surdi.

Bundan tashqari, O'zbekiston va Shri-Lanka o'rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, o'zaro tovar ayirboshlash hajmini keskin oshirish uchun ulkan imkoniyat mavjudligi urg'ulandi. Bu ikki mamlakat tashqi savdosi geografiyasini kengaytirish, eksport-import nomenklaturasini yangi mahsulotlar va raqobatbardosh tovarlar hisobiga boyitishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Uchrashuv yakunida Shri-Lanka Prezidenti Anura Kumara Dissanayake O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy salom va eng ezgu tilaklarini yo'llab, tinchlik va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan samarali hamkorlikka umid bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling