Valyuta kurslari 13/06/2025
$1 – 12705.79
UZS – 0,47%
€1 – 14704.41
UZS – 1,68%
₽1 – 159.20
UZS – -1,04%
Qidirish
O‘zbekiston 12/06/2025 O'zbekistonning birinchi elchisi Maldiv Respublikasi Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O'zbekistonning birinchi elchisi Maldiv Respublikasi Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Maldiv Respublikasiga tayinlangan birinchi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida joylashgan) Sardor Rustamboyev bugun ushbu mamlakat Prezidenti Muhammad Muizzuga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tantanali marosimdan so'ng bo'lib o'tgan suhbat chog'ida O'zbekiston va Maldiv o'rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning hozirgi holati hamda kelajakdagi rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli yo'nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta'kidladi.

Prezident Muhammad Muizzu Maldiv Respublikasi O'zbekiston bilan BMT, IHT, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida tomonlarni qiziqtirgan masalalar, jumladan, iqlim o'zgarishi, barqaror rivojlanish va mintaqaviy xavfsizlik bo'yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.

Alohida e'tibor turizm va oliy ta'lim yo'nalishida sheriklikni rivojlantirishga qaratildi. Xususan, O'zbekiston oliy ta'lim muassasalarida Maldiv Respublikasi talabalarini o'qitish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki davlat o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri reyslarni ochish, viza rejimini soddalashtirish va qo'shma sayohat paketlarini ishlab chiqish imkoniyatlarini ko'rib chiqishga kelishildi.

Tomonlar oliy va yuqori darajadagi tashriflar tashkil qilish, tadbirkorlar va boshqa soha vakillari delegatsiyalari almashinuvini yo'lga qo'yish yuzasidan fikr bildirdi.

O'zbekiston va Maldiv Respublikasi o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 1994-yil 7-dekabr kuni o'rnatilgan.

Eslatib o'tamiz, O'zbekistonning yangi elchisi Sardor Rustamboyev Dehlida 2024-yil yanvar oyida o'z faoliyatini boshlagan. Bundan oldin u mamlakatimizning Fransiya va Portugaliyadagi diplomatik vakolatxonasiga rahbarlik qilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling