O‘zbekistonning 30 dan ortiq fuqarosi Erondan evakuatsiya qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati maʼlum qilishicha, 16 iyun holatiga ko‘ra mamlakatning 30 dan ortiq fuqarosi Erondan muvaffaqiyatli ravishda evakuatsiya qilinib, Vatanga qaytarildi. Ular Turkmaniston va Ozarbayjon hududlari orqali tranzit yo‘li bilan yuborilgan.
Tashqi ishlar vazirligi Turkmaniston, Ozarbayjon va Eron hukumatlariga o‘zbekistonliklarni xavfsiz chiqarishda ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, vazirlik xavf darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda, jumladan Eron va Isroilda bo‘lib turgan fuqarolar xavfsizligini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotganini maʼlum qildi. O‘zbekistonning ushbu mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari 24 soatlik ish rejimida faoliyat yuritmoqda.
Ayni paytda ushbu davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolarimizga xavfsiz joylarda bo‘lish, rasmiy axborotlarni doimiy ravishda kuzatib borish va elchixonalarimiz bilan aloqada bo‘lish tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston TIV avvalroq Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygani va harbiy harakatlar boshlangani munosabati bilan jiddiy tashvish bildirgan va tomonlarni zo‘ravonlikni to‘xtatib, muammoni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqirgan edi.
Shuningdek, 16 iyun kuni Turkmaniston TIV maʼlumot berdi: turkman-eron chegarasi orqali Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Ruminiya va boshqa davlatlardan taxminan 120 nafar fuqaro evakuatsiya qilingan. Ularga barcha zarur sharoitlar — transport, ozuqa, vaqtincha joylashish va birinchi zaruriyatdagi buyumlar bilan taʼminlash xizmatlari ko‘rsatilgan.
Aloqa uchun maʼlumotlar:
O‘zbekistonning Erondagi elchixonasi
Tel.: +98 21 22299780, 22832025
Email: iri.uzembassy@mfa.uz
O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi
Tel.: +972 3 672−2466, 672−2371, 758−5075, 758−5076
Shoshilinch holatlar uchun: +972 54 485−1397
Email: il.uzembassy@mfa.uz