O‘zbekiston–Niderlandiya: agrar sohada xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston–Niderlandiya: agrar sohada xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Niderlandiyaning O‘zbekistondagi vakili Olimjon Qosimov bilan uchrashdi.
Muloqot ikki davlat o‘rtasida agrar sohada shakllanib borayotgan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlandi.
Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini modernizatsiya qilish, ilg‘or tajribalarni joriy etish va innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llash masalalarini muhokama qildilar. Xususan, issiqxonachilik yo‘nalishida Niderlandiyaning dunyoda e’tirof etilgan ilg‘or tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada mahalliy mutaxassislar va fermerlar uchun seminar-treninglar tashkil etish, bilim va tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, uchrashuvda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari import va eksport hajmini oshirish, logistika va savdo zanjirlarini yanada takomillashtirish muhimligi ta’kidlandi. Tomonlar o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish orqali har ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari uchun yangi bozorlar ochilishi mumkinligini qayd etdilar.
Muloqot jarayonida gulchilik yo‘nalishida ham hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ushbu sohada Niderlandiyaning tajribasi va texnologiyalaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuv va takliflarni amaliy bosqichga o‘tkazish, hamkorlik doirasidagi ishlarni jadallashtirish zarurligini ta’kidladilar.