O‘zbekistonlik yosh mutaxassislar Italiyadagi qishloq xo‘jaligi korxonalarida malaka oshirib, amaliyot o‘taydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Rim shahriga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi va Italiya Qishloq xo’jaligi bosh konfederatsiyasi (Confagricoltura) tashkiloti o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Ushbu kelishuv doirasida yosh fermer va mutaxassislar Italiya qishloq xo‘jaligi xo‘jaliklarida mehnat faoliyatini olib borish uchun yuboriladi.
Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida ishchilar italyan tili hamda Italiyada ishlash tartib-qoidalari bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tkaziladi.
Dastlabki bosqichda 15 nafar ishtirokchi uchun 140 soatlik o‘quv kursi tashkil etilishi belgilangan.
Mazkur tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi, mehnat migratsiyasi va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.