O'zbekistonlik olim ekinlar hosildorligini 20% gacha oshiradigan ekologik toza mikrobial o'g'itlarni ishlab chiqdi
O'zbekistonlik olim ekinlar hosildorligini 20% gacha oshiradigan ekologik toza mikrobial o'g'itlarni ishlab chiqdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda o‘g‘itlardan foydalanish darajasi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 74 foizga yuqori. Bu ekologik xatarlarni kuchaytiradi, yerlarning degradatsiyasini tezlashtiradi va bog‘dorchilik sohasida ishlab chiqarish xarajatlarini oshiradi.
Yetakchi olima, mikrobiolog, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti huzuridagi Biologik tadqiqotlar va agro-tuproq sifati laboratoriyasi mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Dilfuza Egamberdiyeva mahalliy fermer xo‘jaliklari va agrosanoat korxonalarining samaradorligini oshiruvchi ekologik xavfsiz, noyob mikrobli o‘g‘it ishlab chiqdi. Ekstremal sharoitlarda o‘tkazilgan dala sinovlari natijasida hosildorlik 20 foizgacha oshgani va tuproq salomatligi tiklangani kuzatildi.
Doktor Egamberdiyeva “O‘zbekiston milliy innovatsiya tizimini modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasining benefitsiarlaridan biri hisoblanadi. Mazkur loyiha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Jahon banki moliyaviy ko‘magida (50 mln AQSh dollari) amalga oshirilmoqda.
MUNIS loyihasi ilmiy salohiyatni mustahkamlash, innovatsion mahsulot va xizmatlarni tijoratlashtirishni jadallashtirish, xususiy sektorda innovatsiyalarni rag‘batlantirish hamda fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida dalillarga asoslangan siyosatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Loyiha doirasida ajratilgan grant va xususiy sektor tomonidan qo‘shma moliyalashtirish tufayli doktor Egamberdiyeva Ecobiome MChJ kompaniyasini tashkil etdi. U to‘liq jihozlangan zamonaviy laboratoriya hamda O‘zbekistonda bioko‘mir asosidagi va suyuq mikrobli o‘g‘itlarni sanoat miqyosida ishlab chiqarishga mo‘ljallangan birinchi ishlab chiqarish liniyasini o‘z ichiga oladi.
MUNIS loyihasi doktor Egamberdiyevaning ilmiy tadqiqot va ishlanmalardan sanoat miqyosida ishlab chiqarish va tijoratlashtirish bosqichiga o‘tishini qo‘llab-quvvatlab, ilmiy ishlanmani bozorga tayyor yechimga aylantirishga xizmat qildi.
Ecobiome MChJ mahsulotlari fermerlar va agrokorxonalarga yetkazib berilmoqda va hosildorlikni oshirishga, hamda tuproq sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Laboratoriyada 10 ta doimiy ish o‘rni tashkil etilgan. Ushbu ish o‘rinlarining sakkiztasida ayollar faoliyat yuritishadi.
Avvalroq Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin MUNIS loyihasi ko‘magida tashkil etilgan laboratoriyaga tashrif buyurdi. Bu yerda, u doktor Egamberdiyeva rahbarligidagi ushbu innovatsion korxonaning faoliyati natijalari, shuningdek loyihaning boshqa benefitsiarlarining faoliyati bilan ham tanishdi.
MUNIS loyihasi bir necha yil avval ishga tushirilgan. Shu vaqt mobaynida loyiha grantlar orqali 190 ta innovatsion mahsulot va xizmatni qo‘llab-quvvatladi, taxminan 260 ta yuqori malakali ish o‘rni yaratilishiga hissa qo‘shdi.
Bundan tashqari, loyiha O‘zbekistonning Global innovatsiyalar indeksidagi o‘rni yaxshilanishiga xizmat qildi. Natijada mamlakat 14 pog‘onaga ko‘tarilib, qariyb 140 ta iqtisodiyot orasida 79-o‘rinni egalladi.
Ta’kidlash joiz, loyiha mahalliy tadbirkorlar va olimlarga o‘z innovatsion biznesini kengaytirish va yangi mahsulot hamda xizmatlarni tijoratlashtirish uchun 13 mln AQSh dollaridan ortiq xususiy investitsiyalarni jalb etishga yordam berdi.