O‘zbekistonga 8 oyda 7,5 mln nafar xorijliklar turistik maqsadlarda keldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-avgust oylarida jami 7,5 mln nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 2,5 mln nafarga yoki 49,1 % ga oshgan.
Asosiy qismi qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan. Liderlik Qirg‘izistonga tegishli — bu yerdan 2,16 milliondan ortiq kishi kelgan. Qozog‘istondan — 1,77 million, Tojikistondan — deyarli 1,7 million turist kirib kelgan. Rossiyadan 663,3 ming, Afg‘onistondan 304,5 ming, Turkmanistondan esa 243,5 ming kishi tashrif buyurgan.
Yaqin qo‘shnilardan tashqari, uzoq davlatlar ichida O‘zbekistonga eng ko‘p turist yo‘llagan o‘ntalikka Xitoy (135,4 ming), Turkiya (113,1 ming), Hindiston (42,3 ming) va Koreya Respublikasi (30 ming) kirdi. Boshqa davlatlardan esa 349 mingdan ortiq kishi kelgan.
Safar maqsadlari orasida eng ko‘pi qarindoshlarni ziyorat qilish bilan bog‘liq — 5,16 milliondan ziyod holat. Turizm hissasi 1,15 million tashrifni tashkil etgan. Shuningdek, 837,5 ming kishi xizmat safari bilan, 287,7 ming kishi tijorat maqsadida, 62 ming kishi davolanish uchun, 14,2 ming kishi esa taʼlim olish uchun kelgan.