O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish 8 milliard kVt/soatga yetdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 23-sentabr holatiga koʻra, O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 8 mlrd kVt·soatga yetdi, deb xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Bu Prezidentimiz tomonidan 2023-yil 20-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida belgilab berilgan strategik vazifalar – iqtisodiyotni iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning yorqin ifodasidir.
Bugungi kunda mamlakatimizda umumiy quvvati 4 682 megavatt bo‘lgan 12 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 5 ta shamol elektr stansiyasi ishlab turibdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish natijasida 2 milliard 424 million kub metr tabiiy gaz tejab, atmosferaga 3 million 552 ming tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olindi.
Yana bir muhim ko‘rsatkich, joriy yil boshidan 23-sentyabr soat 17:00 holatigacha O‘zbekistondagi barcha gidroelektr, quyosh va shamol stansiyalari jami 13 mlrd 220 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu – mamlakatimizdagi umumiy generatsiyaning 22 % ini “yashil energiya” tashkil etayotganini anglatadi.
Bu hajm 7,3 million xonadonni to‘qqiz oy yoki 5,5 million xonadonni to‘liq yil davomida elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yetarli.