O‘zbekistondagi Buyuk Britaniya univesitetlari bitiruvchilari o’zaro bilim va tajriba almashinuvi uchu yig‘ildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Britaniya Kengashi va Toshkentdagi Buyuk Britaniya Elchixonasi hamkorligida O‘zbekistonda ikkinchi marotaba “Alumni UK Networking and Learning & Development Day” tadbiri muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tadbir Buyuk Britaniya universitetlarida tahsil olgan o‘zbekistonlik bitiruvchilarni hamkorlik va kasbiy rivojlanish ruhida birlashtirdi.
Tadbirni Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart, Britaniya Kengashi direktori Maykl Holgeyt, Oliy ta’lim vazirligi vakillari, “El-Yurt Umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova hamda Xalqaro Qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Munira Aminova kirish so‘zlari bilan ochib berishdi. Tadbirda Buyuk Britaniya ta’limining O‘zbekistondagi ta’siri alohida ta’kidlandi: 2023–2024-yillarda 1200 dan ortiq o‘zbekistonlik talabalar Britaniyada tahsil olishgan, shuningdek, transmilliy ta’lim kengaymoqda – HESA statistikalariga ko‘ra, 2023–2024-yillarda 10 000 talaba transmilliy ta’lim dasturlaridan foyda ko‘rgan.
Birinchi sessiya “O‘zgarayotgan dunyoda muvaffaqiyatga erishish: Barqarorlik, noaniqlik va aloqalar” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Unda Aziza Umarova (Strategik islohotlar agentligida “Delivery Unit” koordinatori, Chevening dasturi bo‘yicha St. Endryus universiteti bitiruvchisi), Bohodir Ayupov (IT Park universiteti bosh ijrochi direktori, Surrey universiteti bitiruvchisi) va Anvar Isamuhamedov (Paynet bosh ijrochi direktori, Reding universiteti bitiruvchisi) global noaniqlik, barqaror rivojlanishda yoshlarning roli va sun’iy intellektning transformatsion salohiyati haqida fikr almashishdi.
Keyingi sessiyada doktor Suhrob Saliyev (jarroh, sog‘liqni saqlash tizimlari bo‘yicha xalqaro ekspert, Chevening dasturi bo‘yicha University College London bitiruvchisi) “Sun’iy intellekt, jismoniy faollik, dori vositalari: qaysi biri?” mavzusida sun’iy intellekt, jismoniy faollik va farmatsevtika o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qildi. Ushbu sessiya tibbiyotda texnologiyalarning roli, bemor ishonchi va diagnostika kelajagi haqida jonli munozaralarga sabab bo‘ldi.
Keyingi sessiyalar bitiruvchilarning tashabbuslari va kasbiy rivojlanishga bag‘ishlandi. “G‘oyadan ta’sirga: Tashabbuslarni barqaror loyihalarga aylantirish” panelida moderator Umida Nurjanova Study UK Alumni Award sovrindorlari bilan suhbat olib bordi: Orzugul G‘oyibova (Bristol universiteti), Munira Begmuratova (Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti - TXVU), Azizbek Qurbonov (TXVU), Lusine Manukyan (Kembrij universiteti) va Eldor Mannopov (Durham universiteti). Har bir ishtirokchi Britaniyada olgan ta’limi orqali texnologiya, moliya, yoshlar salohiyatini oshirish va sog‘liqni saqlash sohalarida yetakchilikka erishgan yo‘lini baham ko‘rdi.
Yakuniy panel “Doimiy kasbiy ta’lim” mavzusida bo‘lib, moderator Nodira Isamuxamedova (Lids universiteti bitiruvchisi) tomonidan olib borildi. Panelda quyidagi mutaxassislar ishtirok etdi: Nargiza Kuchkarova (Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi), Tatyana Bistrushkina (Amerika Savdo palatasi), Laziz Xujakulov (UNDP), Sirojiddin Olimov (“Mutolaa” bosh direktori) va Shahzoda Nosirova (UZINFOCOM). Sessiyada doimiy kasbiy ta’lim va o‘zgaruvchan dunyoda moslashuvchanlik muhimligi ta’kidlandi.
Kun davomida ishtirokchilar faol tarmoq sessiyalarida qatnashib, g‘oyalar almashishdi va Study UK Alumni Award sovrindorlarining yutuqlarini nishonlashdi. Tadbir asosiy spikerlarning yakuniy fikrlari va bitiruvchilarga O‘zbekiston va undan tashqarida ijobiy o‘zgarishlar qilishga chaqiriq bilan yakunlandi.
Bu yilgi tadbir Buyuk Britaniya bitiruvchilari jamiyatining kuchli tomonlari va xilma-xilligini yana bir bor tasdiqladi. Britaniyada tahsil olgan mutaxassislar O‘zbekistonda innovatsiya, inklyuziya va rivojlanishga hissa qo‘shayotganini namoyish etdi. Britaniya Kengashi va hamkorlari ushbu dinamik tarmoqni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va yangi bitiruvchilarni kutib olishga tayyor.
Timoti Smart, Buyuk Britaniya elchisi: “Bu tadbir men uchun oddiy bir yig‘ilish emas. Bu – ta’lim orqali o‘rnatilgan aloqalar va tajribalar bizni qanday shakllantirishi haqida. Buyuk Britaniya ta’limi sifati, ochiqligi va ta’siri bilan tanilgan. Ammo uning haqiqiy kuchi bitiruvchilaridai – ular o‘z bilimlarini jamiyatga foyda keltirish, hamjamiyatlarni ilhomlantirish va O‘zbekiston hamda Buyuk Britaniya o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun ishlatishadi.”.
Maykl Holgeyt, Britaniya Kengashi direktori: “Britaniya Kengashining global bitiruvchilar tarmog‘i a’zolarga bog‘lanish, tajriba almashish va bir-birini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Bu tarmoq orqali odamlar Britaniyada olgan bilim va ko‘nikmalarini real hayotda ta’sirli natijalarga aylantiradi. Bugungi tadbir aynan shu sa’y-harakatlarni aks ettiradi – biz hamkorlikni kengaytirish, ko‘nikmalarni rivojlantirish va Buyuk Britaniya hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashni nishonlayapmiz.”