O‘zbekistonda Škoda Group bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18-mart kuni Chexiya Respublikasining “Škoda Group” kompaniyasi Ijroiya kengashi raisi va Bosh direktori Petr Novotniy hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Škoda Group” kompaniyasining savdo bo‘yicha vitse-prezidenti Roman Sorkin hamda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Škoda Group — Chexiyadagi yirik mashinasozlik kompaniyasi boʻlib, asosan transport vositalari va ularning komponentlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Hozirgi kunda Škoda Group tarkibiga turli yoʻnalishdagi korxonalar kiradi, jumladan:
Škoda Transportation: Tramvaylar, elektrovozlar va boshqa jamoat transport vositalarini ishlab chiqaradi.
Škoda Auto: Avtomobillar ishlab chiqaruvchi boʻlib, 1991-yildan beri Volkswagen Group tarkibiga kiradi.
Muloqot davomida tomonlar transport sohasini rivojlantirish, jumladan, temiryo‘l infraturilmasini rivojlantirishda hamkorlik istiqbollari va yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish yuzasidan muhokamalar olib bordi. Xususan:
· temiryo‘l infratuzilmasi va harakat tarkiblarini modernizatsiya qilish;
· ilg‘or va energiya tejamkor texnologiyalarni keng jalb qilish;
· muvaffaqiyatli xalqaro tajribalardan samarali foydalanish;
· yangi avlod elektr poyezdlarini ishlab chiqarish yuzasidan tajriba almashish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda temiryo‘l sohasini rivojlantirishda fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.