O‘zbekistonda yuqori sinflarda yangi o‘quv yilidan sunʼiy intellekt darslari joriy etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yangi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda yuqori sinflar uchun sunʼiy intellekt fanidan darslar o‘tiladi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼlim islohotlari va kelgusi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida maʼlum qildi.
Mazkur kursni to‘liq joriy etish uchun taxminan 2 mingta sinf zamonaviy kompyuterlar va 6 300 ta interaktiv doskalar bilan jihozlanishi zarur.
Mutasaddi idoralarga kelgusi yil davlat byudjeti doirasida zarur mablag‘larni ko‘zda tutish topshirildi.
Shuningdek, taʼlim tashabbusi doirasida mahalliy 219 ta «Maʼnaviy barkamol avlod maktabi», “Yoshlik” sport jamiyati, Yoshlar markazi va O‘zbekiston bolalar tashkiloti asosida “Kelajak” nomli respublika, hududiy va tuman markazlari tashkil etiladi.
Bu markazlar maktablar bilan yaqin hamkorlikda ishlab, maqsadli tadbirlar o‘tkazadi va o‘quvchilarni muhandislik, fan, madaniyat, sanʼat, kitobxonlik, sport va ekologiya yo‘nalishidagi to‘garaklarga jalb etib, yoshlarni har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratadi.