O‘zbekistonda yil boshidan beri 23 ta dorixona litsenziyadan mahrum etildi
O‘zbekistonda yil boshidan beri 23 ta dorixona litsenziyadan mahrum etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zfarmkontrol” farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi yil boshidan buyon 23 ta dorixona litsenziyasini bekor qildi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi maʼlumotlariga ko‘ra, mazkur dorixonalar faoliyatida jiddiy qonunbuzarliklar aniqlangan. Jumladan, dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni zarur sertifikatlash, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va markirovkasiz saqlash hamda sotish, shuningdek, sifatsiz va qalbaki preparatlarni realizatsiya qilish holatlari qayd etilgan.
Litsenziyadan mahrum etilgan dorixonalar orasida Qoraqalpog‘istondagi Geran Farm, Andijon viloyatidagi Inomjon Xoji Farm va As-Mo, Buxoro viloyatidagi Buxoro Basfarm bor. Eng ko‘p qonunbuzarliklar Samarqand viloyatida aniqlangan bo‘lib, u yerda Farmatsevt Alimjanovna, Afrosiyob Gavhari, Xayrulloyeva Sabina Farm, XTXS-Malxam, Azizbek Nurbek Farm, Lekoteka Pharm, Baxtiyor Xususiy Dorixona, Shaxnoza-L va Sam Ozoda Parizoda Farm dorixonalari litsenziyasidan mahrum etilgan.
Surxondaryo viloyatida Yuksak Farm, Xorazm viloyatida Gulnura Gulnihol Pharm va Urganch Umarbek Farm dorixonalari litsenziyasini yo‘qotgan. Toshkent shahrida esa Marva-Pharm, Adolat Yulduz Farm, Gipofiz Farm, The Great Farm, Pharma Brend, Maxsudbek Biznes va Mexr-Shifo Med Farm dorixonalariga nisbatan chora ko‘rilgan.
Litsenziyalovchi organ, shuningdek, qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan dorixonalar manzillari va ularning xodimlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni maxsus reyestrga kiritdi.
“O‘zfarmkontrol”da taʼkidlanishicha, dorixonalar faoliyatini tekshirish ishlari davom etmoqda va aniqlangan qonunbuzarliklar haqidagi maʼlumotlar ochiq manbalarda eʼlon qilib boriladi.