O‘zbekistonda Yer kodeksini qayta ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi loyiha boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida «Yer kodeksini qayta ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatlash» yangi loyihasining boshlang‘ich va maslahat seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi va unda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar hamda milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdilar.
Yer resurslari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining asosiy boyligi bo‘lib, mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq joylarni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va milliy iqtisodiyot rivojiga katta hissa qo‘shadi. So‘nggi yillarda Hukumat sohada bozor mexanizmlarini joriy etish, yerdan foydalanish huquqlari xavfsizligini taʼminlash va yer munosabatlari tizimini takomillashtirish yo‘lida izchil qadamlar tashladi. Shu maqsadda hozirgi kunda yer boshqaruvini yaxshilash bo‘yicha milliy strategiya ishlab chiqilmoqda va Yer kodeksini qayta ko‘rib chiqish jarayoni olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining rasmiy murojatiga asosan, FAO mamlakatda yer islohotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi loyihani amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqarish bilan bog‘liq uchta siyosiy tavsiyanomalar ishlab chiqildi va seminar ishtirokchilari bilan muhokama qilindi. Ular qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish huquqlarini taqsimlash, yerdan foydalanish huquqlari xavfsizligini taʼminlash, yerdan foydalanish huquqlari bozorini rivojlantirish masalalarini qamrab oldi.
Seminar ochilishida FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi maslaxatchisi Nuriddin Qo‘shnazarov , shuningdek Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari so‘zga chiqdilar. Muhokamalarni FAO xalqaro ekspertlari – Bredli Paterson (yerdan foydalanish mutaxassisi), Tomas Versinskas (xalqaro huquqshunos) hamda milliy mutaxassislar olib bordilar.
Nuriddin Qo‘shnazarov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi:
“Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi va yer munosabatlarini rivojlantirishda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat taraqqiyoti uchun muhim qadam hisoblanadi. Hukumatning saʼy-harakatlari O‘zbekistonda yerdan foydalanishda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini joriy etishga qaratilganligining so‘nggi misoli sifatida, Prezidentimizning 2025 yil 12 sentyabrdagi PF-172-sonli Farmoni yerdan foydalanish samaradorligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligida barqaror iqtisodiy muhit yaratishga xizmat qilmoqda. Biz ishonamizki, FAO bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, xususiy va davlat sektorlari manfaatlarini uyg‘unlashtirish hamda barqaror yer boshqaruvini taʼminlashga xizmat qiladi.”
Sherzod Umarov, FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari:
“Yer kodeksini qayta ko‘rib chiqish jarayoni nafaqat huquqiy islohot, balki iqtisodiy o‘sish, qishloq aholisi turmush sharoitini yaxshilash, yer resurslaridan barqaror foydalanish va kelajak avlod uchun tabiiy resurslarni asrab-avaylashga ham xizmat qiladi. FAO ushbu jarayonda masʼuliyatli yer boshqaruvi bo‘yicha xalqaro tamoyillarga tayanadi hamda davlat idoralari, mahalliy hamjamiyatlar va fuqarolar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda adolatli va samarali yer munosabatlari tizimini rivojlantirishga sodiqdir.”
Bred Paterson, FAO xalqaro yerdan foydalanish mutaxassisi:
“O‘zbekistonda yer resurslarini samarali boshqarish – barqaror qishloq xo‘jaligi rivojlanishi uchun asosiy shartdir. Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish huquqlarini mustahkamlash, huquqiy asoslarni kuchaytirish va bozor mexanizmlarini joriy qilish orqali mamlakat fermerlari va qishloq aholisi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. FAO ushbu jarayonda xalqaro tajribalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirishga ko‘maklashishdan mamnun.”
Seminar yakunida FAO O‘zbekistonda shaffof, samarali va adolatli yer boshqaruv tizimini rivojlantirishga sodiqligini tasdiqladi hamda qishloq aholisi turmush darajasini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va iqtisodiy barqarorlikga erishish yo‘lida hamkorlikga tayyorligini bildirdi.