Valyuta kurslari 10/10/2025
$1 – 12123.38
UZS – 0,43%
€1 – 14094.64
UZS – 0,56%
₽1 – 149.19
UZS – 0,8%
Qidirish
O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash kuchaytirilib, soliq tushumlari ko‘paymoqda

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash kuchaytirilib, soliq tushumlari ko‘paymoqda

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash kuchaytirilib, soliq tushumlari ko‘paymoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 6-oktyabrdagi majlisida berilgan topshiriqqa asosan Soliq qoʻmitasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Soliq qoʻmitasi va Departament rahbariyati, ularning hududiy organlari boshliqlari, shuningdek, Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha komissiya aʼzolari boʻlgan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda asosiy eʼtibor yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, jumladan xufiyona aylanma ulushi yuqori qurilish, xizmat koʻrsatish, savdo, turizm, transport, dam olish maskanlari, tibbiy xizmatlar, ish oʻrinlari va ish haqi jamgʻarmasini yashirish bilan bogʻliq mavjud muammolar tahlili hamda hamkorlikda amalga oshiriladigan dolzarb vazifalarni belgilashga qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vaqtida qabul qilgan qarorlari hamda sohaga keng tatbiq etilayotgan raqamlashtirish jarayonlari, EHF, ONKM, raqamli markirovka, MXIK, elektron yuk xati, keng jamoatchilikni jalb qilish orqali ragʻbatlantirish institutlarining (keshbek) joriy etilishi yashirin iqtisodiyot ulushini sohalarga qarab 10-20 foizgacha “soya”dan chiqarishga xizmat qilganligi eʼtirof etildi.

Mazkur yoʻnalishda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar natijasida hududlardagi korxonalarning tovar aylanmasi 42 foizga oshib, 737 trln.soʻmga yetgan, 26,8 mingta korxona tovar aylanmasi 2 baravarga oʻsib, 189 trln.soʻmni tashkil etgan. Oʻtgan yili tovar aylanmasi boʻlmagan 24,3 mingta korxona bu yil 93,4 trln.soʻm aylanmani amalga oshirganligi qayd etildi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida joriy yilning 9 oyida davlat byudjetiga 158,7 trln soʻmlik soliq tushumlari taʼminlandi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga yoki 23,8 trln soʻmga koʻpdir. Shu bilan birga hududlar soliq tushumlari 9 oyda 27 foizga, III chorakda 30 foizga oʻsgan. Eng yuqori oʻsish surʼatlari Navoiy (86%), Fargʻona (39%), Sirdaryo (32%) vilotyalari hamda Toshkent shahrida (33%) qayd etildi.

Iqtisodiyotdagi ijobiy oʻzgarishlar, korxonabay va mahallabay ishlash institutlari samaradorligi hamda soliq bazasini kengaytirishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, prokuratura organlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar natijasi bilan III chorakda hududlarda foyda soligʻi tushumi – 54 foizga va QQS - 28 foizga oʻsganligi bildirildi.

Yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori baholanib kelingan umumiy ovqatlanish sohasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xaridini elektron amalga oshirish va QQSni keshbek sifatida qaytarish instituti joriy etilishi QQS tushumini 44 foizga oshirishda muhim omil boʻldi.

Yigʻilishda shuningdek, yashirin ish oʻrinlari va ish haqi jamgʻarmasini legallashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, bajarilishi kerak boʻlgan vazifalar belgilab olindi.

Xususan, hududlardagi 14,5 mingta korxonada ishchilari soni 2 va undan ortiq koʻpayib, 255 mingtani tashkil etgan, oʻtgan yili umuman ishchi koʻrsatmagan 17,8 mingta korxona 96,1 mingta ishchisini hisobotida aks ettirgan. Bundan tashqari 24,1 mingta korxonada ish haqi fondi 2 va undan ortiq marotabaga koʻpayib, 8,6 trln.soʻmni tashkil etgan, oʻtgan yili umuman ishchi haqi hisoblamagan 17,1 mingta korxonada 1,9 trln.soʻm ish haqi hisoblanishi taʼminlangan.

Muhokama natijalari bilan yashirin iqtisodiyotni soyadan chiqarishda tovar va xizmatlar hisobini yuritish, elektron savdoni kengayishida ichki ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan nazorat mexanizmlarini takomilashtirish, keng jamoatchilikni jalb etgan holda ragʻbatlantirish institutlarini yanada takomillashtirish, rivojlangan mamlakatlar tajribasida sinovdan oʻtkazilgan yangi instrumentlarni amaliyotga kiritish, ayrim sohalarda standart va me’yorlarni qayta koʻrib chiqish zarurati boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling