O'zbekistonda yashil iqtisodiyotni qo'llab-quvvatlash bo'yicha PAGE dasturi ishga tushirildi
O'zbekistonda yashil iqtisodiyotni qo'llab-quvvatlash bo'yicha PAGE dasturi ishga tushirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 20-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasida Yashil iqtisodiyot bo‘yicha harakatlar hamkorligi (PAGE) dasturi rasman ishga tushirildi.
Ushbu tashabbus Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) hamkorlik agentliklari ko‘magida amalga oshiriladi. Dastur maqsadi milliy institutlarning salohiyatini oshirish, milliy emissiyalar savdo tizimi va yashil iqlim moliyasi bo‘yicha yagona monitoring va baholash (M&E) tizimini shakllantirishga ko‘maklashishga qaratilgan.
Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (UNDP), Koreya elchixonasi, xalqaro mehnat tashkiloti hamda PAGE dasturi vakillari va mutaxassislari ishtirok etib, loyihaning maqsadlari, kutilayotgan natijalar va keyingi qadamlar muhokama qilindi.
Tadbirning ochilishida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Sabine Mahl, BMTTDning doimiy vakili o‘rinbosari Anas Qarman so‘zga chiqib, mamlakatda olib borilayotgan yashil iqtisodiyotga o‘tish sohasida olib borilayotgan loyihalar haqida ijobiy fikrlar bildirishdi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev o‘z nutqida O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va barqaror rivojlanish borasidagi qat’iy pozitsiyasini ta’kidladi. Shuningdek, mamlakatda issiqxona gazlari emissiyalarini qisqartirishda bozor mexanizmlaridan, xususan, uglerodni narxlash vositalaridan foydalanish zarurligini aytib o‘tdi.
BMTTDning atrof-muhit boshqaruvi bo‘yicha katta siyosiy maslahatchisi Tim Skott O'zbekistonni yashil iqtisodiyot sohasida mintaqadagi yetakchi davlat sifatida e’tirof etdi hamda PAGE dasturi doirasida mamlakatga yashil iqtisodiyot islohotlarini amalga oshirishda doimiy ko‘mak berishga tayyorligini ma’lum qildi.
Tadbir yakunida, ishtirokchilar dasturni amalga oshirishda samarali muvofiqlashtirish, milliy tashabbuslar bilan uyg‘unlik va salohiyatni oshirish muhimligini ta’kidlashdi va bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirishga kelishib olishdi.