O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi 121,4 mlrd dollarga yetdi
O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi 121,4 mlrd dollarga yetdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 17 noyabrda Toshkentdagi “Renessans” kino uyida Milliy statistika tizimidagi islohotlarga bag‘ishlangan “Milliy statistikada yangi bosqich: shaffoflik va xalqaro standartlar sari” xalqaro konferensiya va matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jahon banki, XVJ, BMTning UNFPA va FAO vakolatxonalari, vazirlik va idoralar, xalqaro ekspertlar hamda OAV vakillari qatnashdi.
Konferensiyada Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev yangi aniqlangan hajmlarni aks ettirish maqsadida yalpi ichki mahsulotni qayta hisoblash natijalari borasida maʼlumot berdi.
Unda taʼkidlanishicha, yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024 yil yakuni bilan respublika yalpi ichki mahsulotining nominal hajmi amaldagi 1 454,6 trln so‘mdan 1 535,4 trln so‘m (80,9 trln so‘m)ga yoki 5,6 % ga ortdi.
YAIM AQSH dollari hisobida 115,0 mlrd dollardan 121,4 mlrd dollarga yetdi.
Shuningdek, qayta hisoblashdan so‘ng, 2024 yilda aholi jon boshiga YAIM hajmi 41,3 mln so‘mni tashkil etdi.
2024 yil uchun davlat byudjeti ijrosining to‘liq qamrovi taʼminlanishi natijasida 36,4 trln so‘m yangi qo‘shilgan qiymat aniqlandi.
Sanoat sohasi bo‘yicha 2024 yil uchun qo‘shilgan qiymat hajmi 12,7 trln so‘mga oshdi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida 5,6 trln so‘m, qurilishda 10,3 trln so‘m va xizmatlar sohasida 16,3 trln so‘m miqdorida yalpi qo‘shilgan qiymat qo‘shimcha hisoblandi.