O‘zbekistonda xayriya mablag‘larini yig‘ish ustidan nazorat kuchaytiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilindi.
Mamlakatimizda ehtiyojmand aholi qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda nafaqat davlat organlari, balki fuqarolarimiz ham xayriya, ehson va saxovat ishlarida tashabbuskorlik ko‘rsatmoqda.
Lekin amaldagi qonunchiligimizda homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibi, bu sohadagi subyektlar faoliyatining ochiqligi, ularga ajratilgan mablag‘lar sarflanishining shaffofligi tizimi mukammal emas. Shuningdek, homiylik to‘g‘risidagi tartib-qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik ham belgilanmagan.
Bu esa fuqarolarning asosli e’tirozlariga, homiylik faoliyati bilan qonuniy va vijdonan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlariga bo‘lgan ishonchning susayishi hamda ayrim shaxslarning homiylik mablag‘larini o‘zlashtirishga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu qonun loyihasi homiylik faoliyati subyektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy qilish, homiylik tashkilotlarining faoliyati ochiqligini va fuqarolarning ularga nisbatan ishonchini oshirish hamda homiylik faoliyatini amalga oshirish uchun pul mablag‘larini yig‘ishni qonuniy tartibga solishni nazarda tutadi.
Loyihada homiylikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha mexanizmlari, homiylik xayriyalarini yig‘ish, xayriya qutisini o‘rnatish va undan foydalanish tartiblari, shuningdek, homiylik xayriyalari to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish va bu jarayonning ochiqligini ta’minlash shartlari belgilanmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzishning oldini olish, homiylik tashkilotlari faoliyati shaffofligini ta’minlash hamda ularga nisbatan fuqarolar ishonchining ortishiga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.