Valyuta kurslari 09/10/2025
$1 – 12072.03
UZS – 0,28%
€1 – 14016.83
UZS – -0,2%
₽1 – 148.01
UZS – 0,95%
Qidirish
O‘zbekistonda vizani onlayn uzaytirish imkoniyati yaratildi

O‘zbekistonda vizani onlayn uzaytirish imkoniyati yaratildi

O‘zbekistonda vizani onlayn uzaytirish imkoniyati yaratildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan endilikda mamlakatda bo‘lish vizasini onlayn tarzda uzaytirish mumkinligi haqida portal matbuot xizmati xabar berdi.

Endilikda respublika hududida viza asosida bo‘lib turgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar “Fuqarolik” bo‘limi orqali vizani uzaytirish uchun ariza topshirish imkoniyatiga ega. Bunda elektron shaklni to‘ldirish, pasport yoki sayohat uchun mo‘ljallangan boshqa hujjat nusxasini hamda vizani uzaytirish asosini tasdiqlovchi hujjatni ilova qilish talab etiladi. Ariza amaldagi vizaning muddati tugashidan kamida o‘n kun oldin topshirilishi lozim.

Vizani uzaytirishni arizachining O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan yaqin qarindoshi yoki ishonchli vakili ham rasmiylashtirishi mumkin. Bu holda notarial tasdiqlangan ishonchnoma ilova qilinishi shart.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti arizalarni 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, arizachi belgilangan tariflar bo‘yicha davlat bojini to‘lash uchun kvitansiyani oladi. To‘lov amalga oshirilgandan keyin xorijiy fuqaro pasportini uch ish kuni ichida mahalliy migratsiya bo‘limiga topshirishi kerak. Shundan keyin ikki ish kunidan kechikmay pasport qayta topshiriladi va unga vizani uzaytirishni tasdiqlovchi stiker yopishtiriladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling