O‘zbekistonda “Umra” sayohatlarini tashkil etish xizmatlarini noqonuniy reklama qilgan turoperatorlar jarimaga tortildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan materiallarning “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, turoperatorlar tomonidan “Umra” tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid berilgan reklamalar o‘rganildi.
Natijada, Navoiy viloyati hamda Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan jami 3 ta, yaʼni "MUS ALI TOUR", "Amirxan Travel" va "TRAVEL ATA" MCHJlarning turoperatorlariga nisbatan litsenziya hujjatlari mavjud bo‘lmagan holda reklamalar joylashtirgani va bu bilan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablarini buzgani yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, Qo‘mitaning Farg‘ona , Namangan, Toshkent viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan jami 9 ta ("Farg‘ona tour 2022", “Saidislom”, "SUX Umra ziyorati", "Musaffo Travel" , “Haj_2025” , "Shaxand va qo‘shni hududlar" , "Leaf travel") telegram va instagram kanallari maʼmurlari hamda "Mustafa Travel" MCHJ tomonidan berilgan reklamalarda ham yuqoridagi kabi qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan mansabdor shaxslari maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Qo‘mita taʼkidlashicha, tekshiruv natijalariga ko‘ra qonun normalariga rioya etilishini va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishni taʼminlash uchun qonunchilikda nazarda tutilgan barcha choralar ko‘riladi.