O‘zbekistonda uchta kompaniya xorijda noqonuniy ishga joylashtirgani uchun jarimaga tortildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistondagi uchta kompaniya — WORLDVISA, Everyone Consult va Adworld Group fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish sohasida noqonuniy faoliyat yuritgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 22 apreldagi 252-sonli qaroriga muvofiq, faqatgina Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishni tashkil etish huquqiga ega.
Shuningdek, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, mazkur faoliyatni litsenziya asosida amalga oshirish huquqi faqat Migratsiya agentligi tomonidan litsenziya olgan xususiy bandlik agentliklariga berilgan.
Biroq so‘nggi paytlarda litsenziyaga ega bo‘lmagan holda, fuqarolarni xorijga ishga joylashtirishni vaʼda qilib, konsalting yoki axborot xizmati niqobi ostida noqonuniy faoliyat yurituvchi shaxslar ko‘paymoqda, deyiladi Agentlik xabarida.
Migratsiya agentligi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida “WORLDVISA” MCHJ, “Everyone Consult” MCHJ va “Adworld Group” MCHJ o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi eʼlonlari orqali yurtdoshlarimizni xorijga ishga yuborish xizmatlarini ko‘rsatayotganliklari, fuqarolardan pul yig‘ib, xizmat ko‘rsatmaganlik holatlari aniqlandi. Ushbu jamiyatlarga nisbatan huquqbuzarliklar yuzasidan tegishli jarimalar qo‘llanildi.
Ushbu qoidabuzarliklar uchun kompaniyalarga jarimalar qo'llanildi. Agentlik litsenziyasiz tashkilotlar xizmatlaridan foydalanishga urinish fuqarolar uchun moliyaviy va huquqiy xavf tug‘dirishini eslatdi.
Shu munosabat bilan Agentlik fuqarolarni faqat rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan va litsenziyalangan xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilishga chaqirdi.