O‘zbekistonda «Toza havo» milliy loyihasi start oldi
O‘zbekistonda «Toza havo» milliy loyihasi start oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar 2026–2030 yillarda atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasining asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish;
atrof-muhitga taʼsiri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalarda avtomatik monitoring stansiyalari va chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilishini taʼminlash.
PM2,5 bo‘yicha milliy meʼyorlardan oshish kuzatilgan kunlar sonini kamaytirish.
Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya faoliyati 2027 yil 1 martgacha uzaytiriladi.
Komissiyaning nomi Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasiga o‘zgartiriladi.
2026 yil 1 apreldan Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi.