Valyuta kurslari 21/01/2026
$1 – 12073.29
UZS – 0,18%
€1 – 14158.35
UZS – 1,07%
₽1 – 155.16
UZS – 0,3%
Qidirish
O‘zbekistonda to‘lov ilovalariga boshqa shaxslarga tegishli bank kartalarini bog‘lash taqiqlandi

O‘zbekistonda to‘lov ilovalariga boshqa shaxslarga tegishli bank kartalarini bog‘lash taqiqlandi

O‘zbekistonda to‘lov ilovalariga boshqa shaxslarga tegishli bank kartalarini bog‘lash taqiqlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Click, Paynet va boshqa mobil to‘lov ilovalaridan foydalanishga doir yangi talablar joriy etildi. Ushbu o‘zgarishlar kiberxavfsizlik darajasini oshirish va firibgarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan.

Adliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda Kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026 yil 21 yanvarda 3759-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Yangi tartibga muvofiq, foydalanuvchi akkauntiga faqat foydalanuvchining o‘ziga yoki uning yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan bank hisobvaraqlari, bank kartalari yoki elektron hamyonlarni bog‘lashga ruxsat etiladi. Bunday akkaunt orqali P2P-o‘tkazmalarni amalga oshirish ham faqat shu cheklovlar doirasida mumkin.

Mobil ilova orqali ro‘yxatdan o‘tish va bank kartasini bog‘lash jarayonida telefon raqami bilan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami — PINFL mosligi majburiy tarzda tekshiriladi. Moslik aniqlanmagan taqdirda foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazish va kartani bog‘lashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kredit va to‘lov tashkilotlari foydalanuvchilarni “jonlilik” omillarini qo‘llagan holda biometrik identifikatsiyadan o‘tkazishga majbur. Bu shaxsni fotosuratlar yoki boshqa statik tasvirlar orqali tasdiqlash imkoniyatini istisno etadi.

Qo‘shimcha himoya chorasi sifatida, 1 martalik SMS xabar 3 marotaba noto‘g‘ri kiritilganda, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqa davomida vaqtincha cheklanadi. Mobil ilovadagi akkauntga boshqa qurilmadan kirish yoki uning parolini qayta tiklashda ushbu akkauntga bog‘langan barcha bank kartalari mobil ilovadan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi.

Shuningdek, ushbu qurilmada bank kartalari bo‘yicha moliyaviy operatsiyalar tarixi o‘chirib yuboriladi.

Bunda, bank kartalarini biriktirish biometrik identifikatsiyadan o‘tkazilgan holda amalga oshiriladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling