O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi tizimi yangilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlash tartibiga o‘zgartishlar kiritildi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, mavjud mezonlar tizimiga yangi ko‘rsatkichlar qo‘shildi va amaldagi qator mezonlar modernizatsiya qilindi.
Endilikda avval belgilangan 23 ta mezonga qo‘shimcha ravishda uchta rag‘batlantiruvchi ko‘rsatkich joriy etildi hamda 11 ta mezon biznes samaradorligini yana-da obyektiv baholash, masʼuliyatli va innovatsion tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida takomillashtirildi.
Yangi mezonlar foyda solig‘ini to‘lash samaradorligi, raqamli markerovka qoidalariga rioya qilish va “yashil” energiyadan foydalanish kabi ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi.
Soliq to‘lovi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori natijaga erishgan yoki eksportdan yuqori daromad olgan tadbirkor 10 ballgacha baholanishi mumkin.
Barcha savdo nuqtalarini onlayn-kassalarga ulash va raqamli markerovkani to‘g‘ri qo‘llash uchun 5 ball beriladi.
Yangilanadigan energiya manbalaridan samarali foydalanish darajasi o‘rnatilgan quvvat va umumiy energiya isteʼmolidagi “yashil” energiya ulushiga qarab 5 ballgacha baholanadi.
Ushbu choralar tadbirkorlik hamjamiyati o‘rtasida soliq intizomini mustahkamlash, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish va ekologik toza energetikani rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan.