O‘zbekistonda suv taʼminoti tizimida to‘lov intizomini mustahkamlash va noqonuniy ulanishlarga qarshi kurash choralari kuchaytirilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugun jurnalistlar uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida mutaxassislar taʼkidlashicha, soha islohotlarining samaradorligi faqatgina infratuzilmani modernizatsiya qilish bilan emas, balki isteʼmolchilarning o‘z qonuniy majburiyatlarini bajarishi – xizmatlar uchun o‘z vaqtida haq to‘lashi va suvdan foydalanish madaniyatiga rioya qilishi bilan ham uzviy bog‘liq.
Aksiyadorlik jamiyati maʼlumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan beri nazorat organlari bilan hamkorlikda markazlashgan suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlariga noqonuniy ulanishning 3899 ta holati aniqlangan. Eng ko‘p qonunbuzarlik holatlari Sirdaryo viloyatida (433 ta), Toshkent shahrida (410 ta), Qoraqalpog‘iston Respublikasida (408 ta) va Xorazm viloyatida (343 ta) qayd etilgan. Umumiy zarar 76,2 milliard so‘mdan ziyod deb baholanmoqda, shu jumladan 29,9 milliard so‘mlik zarar qoplangan.
Qayd etildiki, amaldagi qonunchilikka muvofiq, o‘zboshimchalik bilan tarmoqlarga ulanish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Shu bilan birga, profilaktika ishlari faol yo‘lga qo‘yilgan: aholi orasida axborot kampaniyalari tashkil etilmoqda, shuningdek, zamonaviy va qulay to‘lov usullari joriy etilmoqda.
To‘lov intizomini mustahkamlash maqsadida 2025 yil davomida sudlarga umumiy qiymati 332,2 milliard so‘m bo‘lgan 103,3 mingdan ziyod daʼvo arizasi kiritildi. Qarzdorlik sababli 53,5 ming abonent suv taʼminoti tizimidan uzib qo‘yildi, ularning 38 mingdan ziyodi Toshkent shahrida.
Keng qamrovli chora-tadbirlar sezilarli natija berdi: aholining debitor qarzdorligi yil boshiga nisbatan 146,4 milliard so‘mga (14 foizga) kamayib, 762,4 milliard so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda esa qarzdorlik 281,4 milliard so‘mga (27 foizga) kamaygan.
Matbuot anjumani yakunida joriy yil oxiriga qadar qarzdorlikni yana-da qisqartirish, noqonuniy ulanishlarni oldini olish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar amalga oshirilishi taʼkidlandi.